Golland va gibrid lolalar asli Ohalik va Urgut tog‘larida o‘sgan

Orif Gulxaniy uy-muzeyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar, nazm va navo shaydolari ishtirokida “Lola sayli” hamda shoir, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Olqon Damin xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qadimdan bahor kelishi bilan turli sayillar o‘tkazilib turgan. Bugungi Lola sayli ham unutilib ketayotgan qadim an’analarimizdan biridir.

- Bobom Orif Gulxaniy biolog olim sifatida ko‘plab o‘simliklar ustida izlanishlar olib borgan, - deydi Muqimjon Orifiy. – Jumladan, lola guli ustida ham. Aytishicha, lolaning golland va gibrid turlari asli o‘zimizning Ohalik va Urgut tog‘larida o‘nib o‘sgan ekan. Bugungi kunda xonadonimizda 17 rangdagi 10 mingdan ortiq lola piyozlari yetishtiriladi. Har to‘rt yilda piyozlarni kovlab olib, Samarqand shahridagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, mahallalar, kollej va litseylar, Samarqand, Oqdaryo va Tayloq tumanlari istirohat bog‘lariga tarqatamiz. Shuningdek, o‘tgan davr moboynida “Samarqandni gulga burkaylik! 1+10” aksiyasi doirasida xonadonimizda parvarishlangan yarim million donadan ko‘proq tuvaklardagi xonaki va anvoyi gullar gulsevarlarga tuhfa etildi.

"Lola sayli" doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalar shoiri Olqor Daminning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xotira kechasi ham o‘tkazildi.

Unda viloyatimiz ijodkorlari, “Sadoqat” to‘garagi a’zolari, yaqinlari shoirning hayoti va ijodiy faoliyati to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirib, she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.