Jomboyda xrizantema gullari yetishtirilmoqda
Jomboy tumanidagi “Sobirov Toshmurod” fermer xo‘jaligi rahbari Akbar Sobirov o‘tgan yil Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Gul sayli”da qatnashib, mahalliy tadbirkorlarning Gollandiyadan xrizantema gullarini keltirib parvarishlab, mo‘may daromad olayotganini ko‘rdi-yu shu ish bilan shug‘ullanishga ahd qildi.
Gollandiyadan olib kelingan 20 ming dona gul ko‘chatlarini issiqxonada mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirdi va tajriba sifatida erta bahorda 1 gektardan ortiq yer maydoniga ekib parvarishladi.
Astoydil qilingan mehnat o‘z samarasini berib, fermerning xrizantema gullari alvon rangda ochildi va o‘z xaridorlarini topdi. Ayni kunlarda bu yerda 10 turdagi 25 mingdan ortiq gul yetishtirilmoqda.
– Bu yil tajriba sifatida 1,2 gektar yer maydonida shu gullarni ekib, qariyb 600 million so‘m foyda olishni mo‘ljallab turibmiz, – deydi Akbar Sobirov. – Bu ish bilan asosan, o‘zimizning oilamiz – o‘g‘lim, kelinim, qizlarim, ukamlarning oilasi shug‘ullanyapmiz. Bu gullarni parvarishlashda “O‘zagroinspeksiya”ning Jomboy tuman bo‘limi mutaxassislari bizga yaqindan yordam berdi. Suv, texnika va boshqa masalalarda muammo yuzaga kelsa murojaat qildik, amaliy yordam berishdi. Kelgusi yilda 3 gektar yerda xrizantema, yana 2 gektarda atirgul va lola parvarishlashni rejalashtiryapmiz.
Fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilgan xrizantema gullari viloyatning barcha hududlaridan kelgan tadbirkorlar va aholi tomonidan xarid qilinmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi axborot xizmati.