Tomorqa imkoniyatlari: Islom Ro‘ziyev gul ekib jahongashta bo‘ldi

Bu oddiy, mehnatkash oilani Samarqandda ko‘pchilik taniydi. El-ulusning kayfiyatini xushlaydigan bayramlar, mahallalar obodligi uchun o‘tkaziladigan hasharlar, qadim shahar go‘zalligini tarannum etuvchi turli sayillar Samarqand tumani Badal qishlog‘ida yashovchi Islom gulchi va uning oila a’zolari ishtirokisiz o‘tmaydi. Va, albatta, ular tomonidan taqdim etilgan anvoyi gullar bayramu sayillarga o‘zgacha ko‘rk, shukuh bag‘ishlaydi. Gul bor joyda esa go‘zallik bor, nafosatu ezgulik bor, muhabbatu sadoqat bor. Shu bois har safar ko‘ngillar gulni, bahorni sog‘inib yashaydi.

Islom aka gulchilik tufayli dunyoni kezib chiqdi. Italiya, Belgiya, Gollandiya singari mamlakatlarda o‘tkaziladigan jahon gul festivallarida ishtirok etdi. Issiqqa, sovuqqa, ekologik nomutanosibliklarga bardoshli gul  navlarini ekib, ko‘paytirish sirlaridan voqif bo‘ldi.

- Bultur Shahrisabzda o‘tkazilgan «Maqom» xalqaro anjumanida bayram ruhiyatiga mos gulzor barpo etishni taklif qilishganda behad mamnun bo‘ldim, - deydi Islom Ro‘ziyev. – Qo‘shiq bayramiga tashrif buyurganlar go‘zallikni teran anglashlari uchun eng a’lo gullarni sahna poyiga joylashtirdim. Maqom kuylaridagi nafislik, rang-baranglik, jozibadorlik go‘yoki men yaratgan gulzorga ko‘chib o‘tgandek bo‘ldi. Shunda kasb zavqini yanada chuqur his etdim.

Atrofdagi odamlarga ana shunday bahoriy sog‘inchni ulashib yashashdan o‘zlari ham huzur-halovat topayotgan Islom Ro‘ziyev va uning umr yo‘ldoshi Ma’suda Abdullayevaning 15-20 sotixlik issiqxonasida hamisha bahor. Bu yerda Gollandiya va Belgiyadan olib kelingan yuz xildan ziyod gul ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Mo‘’jazgina issiqxonasidan har yili 100 million so‘m daromad topayotgan Ro‘ziyevlar oilasi turmush farovonligi uchun barcha qulayliklarni yaratib olishgan.

Zohir TO‘RAQULOV,

Samarqand tumani.