10 oyda korrupsiyaga oid 134 ta jinoyat aniqlandi
Bu jinoyatlarning 119 tasi pora berish, 13 tasi pora olish, bittasi pora olish-berishda vositachilik qilish, bittasi davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanishicha, viloyati IIB xodimlari tomonidan ushbu yo‘nalishda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida joriy yilning 10 oyi davomida korrupsiyaga oid 134 ta (o‘tgan yilning shu davrida 118 ta) jinoyat aniqlangan.
Mazkur jinoyatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda 82 tasi iqtisodiyot, 51 tasi ijtimoiy soha tashkilotlariga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, 22 tasi kadastr, ekologiya va kommunal xizmat ko‘rsatish, 14 tasi tibbiyot, 12 tasi ta’lim sohasi vakillari tomonidan sodir etilgan.
Kengash yig‘ilishida ichki ishlar organlari xodimlariga pora taklif qilish holatlarining oldini olish, bu haqda xabar bergan xodimlarni rag‘batlantirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham o‘z samarasini berayotgani qayd etildi. Xususan, joriy yilning shu davriga qadar xodimlarning shaxsiy tashabbusi bilan 21 holatda pora berish jinoyatlari aniqlanib, qonun ustuvorligi ta’minlangan. Pora olmagan va bu haqda belgilangan tartibda xabar bergan xodimlarga jami 80 million 500 ming so‘m miqdorida pul mukofoti ajratilgan.