4-Gidrometallurgiya zavodi o‘z imkoniyatidan samarali foydalanyapti(mi)?
Ayni paytda Qo‘shrabot tumani Zarkent shaharchasida joylashgan 4-Gidrometallurgiya zavodida yiliga ikki million tonnagacha tarkibida oltin bo‘lgan ma’danlar qayta ishlanmoqda. Buning uchun 500 nafardan ziyod ishchi-mutaxassislar mehnat qilmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimiz konchilik sanoati tarmog‘idagi ijobiy o‘zgarishlar Zarmitan sanoat maydoni kelajagiga qat’iy ishonch bilan qarashga asos bo‘ladi. Shu jihatdan 4-Gidrometallurgiya zavodi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining o‘z o‘rni va nufuziga ega korxona hisoblanadi. 2010 yilning avgust oyida ish boshlagan mazkur zavod atigi 11 oyda qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Janubiy kon boshqarmasida tajribali va tashabbuskor metallurglar, “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni sohibi G‘ayrat Jumanov singari asl metallurglar ko‘p. Zavodimizda 17 ta bo‘linma mavjud bo‘lib, ish boshlaganimizdan buyon 20 million tonnadan ziyod ruda qayta ishlandi. Ayni paytda kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan oltinning 10 foizdan ortig‘i korxonamiz zimmasiga to‘g‘ri keladi.
Albatta, bu salmoqli raqam. Lekin bugungi kun talabi, Janubiy kon boshqarmasida oltin qazib olish hajmini oshirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishga e’tibor qaratilmoqda. Bu borada jahon bozoridagi talab va taklif asosida ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, zavodni jihozlashda "Navoiy mashinasozlik zavodi"da ishlab chiqarilgan jihozlar ulushini hamda mahsulot tannarxini kamaytirgan holda sifatini oshirish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Zarkentda 4-Gidrometallurgi zavodi, oddiy qilib aytganda, tilla zavodining barpo etilishi natijasida qaqrab yotgan adirlar o‘rnini yashillikka burkangan bog‘-rog‘lar egalladi. Birgina o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Janubiy kon boshqarmasi tomonidan Zarkent shaharchasi hududida 6 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari hamda 2 mingga yaqin bo‘tasimon o‘simlik qalamchalari o‘tqazildi
Shaharchada 4 ming 100 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Yillar davomida Zarkentda uy-joylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, yo‘l-kommunikatsiya tarmoqlari arxitektura talablari asosida qurilmaganligi mahalla qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, ko‘pgina muammolarni ham keltirib chiqarardi. Tilla zavodida boshlangan qurilish-bunyodkorlik ishlari bu yerdagi ko‘p qavatli uylar, mahallaning ichki yo‘llari, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida ham boshlandi.
Natijada Zarkent shaharchasida ishchi-xodimlar va harbiy xizmatchilar uchun 32 ta ko‘pqavatli uy, 3 ta yotoqxona, akvapark, 200 o‘rinli “Konchi” madaniyat uyi, “Yoshlar” sport majmuasi va kafesi, mehmonxona, 50 o‘rinli ishchilar oshxonasi, 14-sonli harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi binosi va shunga o‘xshash boshqa inshootlar qad rostladi. Shuningdek, 44 ta yosh oilaga ko‘pqavatli uy ham o‘z egalariga topshirildi.
Zarmitan va Marjonbuloq sanoat maydonlaridagi konlarimiz joylashgan makonlar ma’danlarga boy zamin. Uning bag‘rida oltin ma’danlari salmog‘i ham kam emas. Bugun O‘zbekiston oltin qazib olish borasida dunyoda yetakchilik qilmoqda. Oltin konlari va undan olingan qimmatbaho ma’danlarni qayta ishlaydigan zavodlar faoliyatini muntazam ta’minlab, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali xalq daromadini oshirish bizning asosiy maqsadimiz.
Tolliboy YuLDAShEV,
Janubiy kon boshqarmasi direktori.