86 yoshli otaxon velosiped bilan festivalda ishtirok etdi
Qudrat bobo Eshnazarov Narpay tumanining Dedan mahallasida yashaydi. U 80 yoshdan oshgan bo‘lsa-da kuch va g‘ayrati yoshlarnikidan kam emas.
Samarqand shahrida “Yangi nafas” shiori ostida bo‘lib o‘tgan marafonda faol ishtirok etgan otaxon bugun yoshlar festivali o‘tayotgan hududga velosipedda kelib, tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.
- Velosipedda harakatlanish sog‘lik uchun koni foyda, - deydi otaxon. – Esimni taniganimdan beri velosiped mening hamrohim. O‘tgan yili O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab 12 kun davomida velosipedda sayohat qildim. Tumanda, viloyat markazida o‘tkaziladigan marafonlarda ishtirok etib turaman. Yaqinda menga hokimlik tomonidan yangi velosiped sovg‘a qilindi. Shu velosiped bilan bugungi festivalda ishtirok etyapman.
Otaxon festival doirasida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da yoshlarga hayotiy tajribalari haqida gapirib berdi.