“Adidas” va “Puma” qanday paydo bo‘lgan?

“Adidas” va “Puma” sport olamida eng qimmat o‘nta brendlar qatorida turadi. Ularning asoschilari bavariyalik (Germaniya) aka-uka Adolf va Rudolf Daslerlardir.

Voqea 100 yil muqaddam bo‘lgandi. 19 yoshli Adolf Dasler yaqinginada kirxona bo‘lgan saroyda o‘tirib, uni qanday qilib poyabzal ustaxonasiga aylantirish haqida bosh qotirardi. 1920 yilda u frontda bo‘lishga va novvoylikni o‘rganishga ulgurgandi. Biroq uni sportning hamma turlari bo‘yicha natijalarni yaxshilashga yordam beruvchi oyoq kiyimlari yaratish qiziqtirardi. Urushgacha u akasi Rudolf bilan barcha musobaqalarda ishtirok etib, g‘alaba qozonishda qulay va mustahkam oyoq kiyimi muhim rol o‘ynashini yaxshi tushungan edi.

Adolf dala chetidagi chiqindixonalarni titkilab, armiya tashlandiqlari – shinalar, kaskalar, parashyutlarni yig‘ib olib, ushbu materiallardan oyoq kiyimi tikishni tajriba qilib ko‘rdi. Namunalarni hududdagi sport klublariga yubordi. U mohir usta bo‘lib chiqdi. Ammo ishchanlik, bir ishni boshladimi, uni oxiriga yetkazish toqati yetmasdi. Bu xislat esa Adolfda mujassam edi. Shunday qilib birgalikda ish boshlashdi. 1924 yilda ular «Aka-uka Daslerlar poyabzal fabrikasi» firmasini ro‘yxatdan o‘tkazdilar va vazifalarni bo‘lib olishdi. Adolf ishlab chiqarishga, Rudolf sotishga mas’ul bo‘ldi.

Ishlab chiqarish maydoni kengaydi, shtatlar 25 kishigacha ko‘paydi. Daslerlar ikki yildan keyin kuniga 100 juft butsilar, yangi atletika krossovkalari ishlab chiqara boshladi. Yana ikki yildan keyin nemis yuguruvchisi Lina Radks Amsterdam olimpiadasida Daslerlar krossovkasida g‘olib chiqdi.

1936 yilda Berlin Olimpiadasiga jahonning eng kuchli sportchilari tashrif burdi. Ular orasida eng uchqur amerikalik yuguruvchi Jessi Ouens bor edi. Daslerlar jahonga dong taratish imkoniyatini qo‘ldan bermadi. Ular Ouensga uning o‘lchamida tikilgan butsini taqdim etdi va u g‘olib chiqdi. Qora tanli atlet Daslerlar krossovkalarida Berlinda 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Urushdan so‘ng amerikaliklar Ouens uchun krossovkalar tikib bergan Xersoginaurada ishlab chiqarishni tiklashdan manfaatdor edilar. Lekin aka-ukalarning o‘zaro mojarolari tufayli basketbol va beysbol poyabzallari ishlab chiqarish g‘oyasi amalga oshmay qoldi. Aka-uka yo‘llari abadiy ajraldi. Orasi 500 metr masofada bo‘lgan ikki mustaqil firma vujudga keldi. Birinchi fabrika Adidas – Adolf Dasler qisqartma nomi, ikkinchi Rouda – Rudolf Dasler deb ataldi. Biroq keyinchalik u jarangdar bo‘lsin deb “Puma” deb o‘zgartirildi. Keyinchalik aka-ukalar dunyodan o‘tganlaridan so‘ng firmalar kimoshdi savdosida boshqalar qo‘liga o‘tdi. Biroq “Adidas” va “Puma” nomi saqlanib qoldi va jahonda sport buyumlari ishlab chiqaruvchi firmalar sifatida dong taratdi.

«AiF» (2020 yil 11-son)dan qisqartirilgan holda T.ShOMURODOV tayyorladi.