Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi

Samarqand shahrida O‘zbekiston tomoni raisligida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarning to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyati hamda milliy ozchilikning huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarining bajarilishi muhokama qilindi.

Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy omili sifatida Afg‘oniston salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhimligi qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar Afg‘oniston hududida qo‘shni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Forum tadbirlari doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Pokiston tashqi ishlar davlat vaziri Hina Rabboniy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shuningdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi yetakchisi, ertaga, 14 aprel kuni o‘tkaziladigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida bo‘lajak tadbir kun tartibi hamda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik doirasidagi jadal hamkorligi masalalari ko‘rib chiqildi.