Aholini ro‘yxatga olish qachon, qanday shaklda o‘tkaziladi?
Boshqarmamizga shu mazmunda savol yo‘llayotganlar talay. Javob shuki, tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga yetkazilgach, 2023 yilning noyabr oyida aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlanadi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga ko‘ra, ro‘yxatga olish ishlari ikki xil usulda — qog‘oz shakli hamda internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.
Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. Bunda ro‘yxatga olish ishlari besh xil shakldagi so‘rovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati, shaxsga oid savolnoma, O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida o‘tkaziladi.
So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, ta’lim darajasi, uy xo‘jaligi a’zolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.
Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.
D.Qorachayev,
Samarqand shahar statistika bo‘limi yetakchi mutaxasisi