Bilasizmi, baxtli bo‘lish uchun nimalarga e’tibor qilish zarur?
O‘zini baxtsiz his qilish oson. Chinakam baxtga erishish uchun esa biroz mehnat qilish, atrofdagilarga yaxshilik tilash lozim. Chunki ko‘ngli ochiq insongina hayotni turfa ranglarda ko‘radi. Qalbida o‘tayotgan kunidan mamnunlik tuyib yashaydi.
Baxtli bo‘lish uchun yana nimalarga e’tibor qilish zarur? Psixolog olimlar bu savolga yarim hazil bilan “Avvalo, o‘zini baxtli, deb hisoblash kerak”, deya javob berishadi. Aslida ham shunday. Baxt o‘z baxtingni anglashdan boshlanadi.
Shuningdek, ayrim qoidalar ham bor. Quyida baxtning 9 ta siriga to‘xtalmoqchimiz.
- O‘tmishdagi muammolarni unuting. Ehtimol xatolarga yo‘l qo‘ygandirsiz. Ammo o‘z-o‘zini jazolash oqillar ishimas. Yo‘l qo‘yilgan xatolar hayotiy tajriba uchun muhim. Har bir narsada hikmat borligini unutmang. Faqat o‘sha xatolarni takrorlamasangiz bas.
- Har kim o‘z hayotiga o‘zi mas’ul. Erkin qaror qabul qilishda dadil bo‘ling. Nimadir o‘xshamasa, aybdorni izlashga hojat qolmaydi. Mas’uliyatni his qilishga o‘rganasiz.
- Munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan qo‘rqmang. Atrofdagilar bilan muloqot qilish, do‘stlashish, ko‘plab his-tuyg‘ularni boshdan kechirish o‘zingizni baxtli his qilishingizga yordam beradi.
- Orzularga beriling va qiziqing. Qiziqishlar darajasini kengaytiring. Oldingizga katta maqsad qo‘yib, unga dadil intiling. Tavakkal qilishdan qo‘rqmang. Hayotni rangin qilishda bu juda muhim.
- Fe’l-atvor ham baxtli yoki baxtsiz bo‘lishingizga ta’sir ko‘rsatadi. Har kim o‘z fe’lidan topadi, degan naqli bejiz aytilmagan. Avvalo, o‘zingiz keyin boshqalarga ishoning. Samimiy bo‘ling.
- O‘z kuchingizga ishoning. Qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha qoling. Birovlar uchun yashash – nodonlik.
- Boriga shukr qiling va qadrlang. O‘zingizda yo‘q narsani o‘ylab, siqilgandan, borini his qilib quvongan afzal.
- Yaxshi narsalar haqida o‘ylang. Joy, vaziyat insonni baxtli yoki baxtsiz qila olmaydi. Bo‘lar-bo‘lmas xayollarga erk bermang. Salbiy o‘y-xayollarni o‘zingizga yaqinlashtirmang.
- Kuling. Tabassum bilan siz o‘zingizni yaxshiroq his qilasiz va insonlar ham sizga javoban tabassum qilishadi. Siz insonlarga ijobiy energiya tarqating. Va shunday javob olasiz.
Dilfuza OSTONOVA.