"Bizda svet nega o‘chdi?"
Bunday kinoyalarga elektrchilar endi boshqacha qarashyapti.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan Narpay tumani elektr tarmoqlari bo‘limida jurnalist va bologerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Bugungi kunda tumanda 44 725 nafar iste’molchi bo‘lib, ularning qariyb 43 mingtasi aholi, 1900 ga yaqini yuridik tashkilotlardir. Ulardan 40 mingdan ortig‘iga ASKUE elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan.
- O‘tgan yili kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 111 dona transformator punktini ta’mirlash va 219,8 km uzatish tarmoqlari tortish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 55 dona transformator, 102,7 kilometr uzatish tarmoqlari bajarilgan, - deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Valijon Qilichev. – Yana qo‘shimcha 2 dona transformator punkti va 4,5 km uzatish tarmog‘i ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Tumanda turli qaror va dasturlar asosida Umid, Do‘stlik va Islomobod mahallalarida 3 ta 100 kVAlik transformator, 125 dona temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 8 kilometrga yaqin tarmoq tortildi. Shuningdek, qo‘shimcha 265 dona temir-beton ustunlar 8 ta transformator punkti va 9,1 kilometr 0,4-6-10 kVAli havo tarmog‘i tortib berilgan. Beshta mahallaga qo‘lbola ustunlar o‘rniga 73 dona temir-beton ustunlar qo‘yilib, 14,75 kilometr havo tarmog‘idagi simlar yopiq kabellarga yangilandi. Aholi tomonidan hashar yo‘li bilan 14 ta mahallada 24 ta transformator o‘rnatilib, 41 ta ustun va 2,8 kilometr tarmoq tortildi.
Press-tur ishtirokchilari Mang‘it va O‘zbekkenti mahallasida bo‘lib, korxona tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
- Yangi imorat qurib, yashayotganimizga qariyb 20 yilcha bo‘lib qoldi, - deydi Mang‘it mahallasi Ilonli qishlog‘ida yashovchi G‘.Hasanov. - Har yili qish mavsumi boshlanib sal shamol turdi degunicha “svet” o‘chib qoladi. Dardimizni kimga aytishni bilmay yashadik. Aytgan bilan, baribir foydasi bo‘lmas edi. Nihoyat, qishlog‘imiz ahli bilan o‘rtaga pul yig‘ib, yangi 100 kVAlik transformator sotib oldik. Tuman elektr tarmog‘i korxonasi mutaxassislari kelib, hujjatlarini rasmiylashtirib, loyihalashtirib berishdi. Endi ko‘nglimiz tinchidi.
Mazkur mahallada yana 250 kVAlik transformator punkti qurilib, har bir xonadonga 22 kilometrdan ziyod "SIP-4" kabellaridan elektr tarmoqlari ham tortib berildi. O‘zbekkenti mahallasidagi Ohakchi qishlog‘ida ham yangi transformator o‘rnatilib, eskirib ketgan ustunlar 30 ta temir-beton ustunlarga almashtirildi. Uch kilometrdan ziyod masofaga yopiq kabellar tortib berildi.
- Korxona dispetcherlik xizmatida kuniga 3-4 tadan, yog‘ingarchilik kunlari 8-10 tagacha aholi murojaatlarini qabul qilamiz, - deydi korxona bosh muhandisi Sherzod O‘rinov. – Yana bir gapni aytishim zarur. Keyingi yillarda aholining hushyorligi ham oshib bormoqda. Biror joyda elektr simlari uzilsa yoki transformator ishdan chiqsa, darrov ijtimoiy tarmoqlarga foto va video materiallari qo‘yishadi. Ilgari nega bunday qildi, deb ulardan xafa bo‘lardik. Hozir esa bu xabardan foydalanyapmiz.
Tuman elektr tarmoqlari korxonasida avariyalarni bartaraf qilish uchun bitta tezkor brigada va 4 ta ustachilik bo‘limlarining kecha-kunduz navbatchiligi tashkil etilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.