Bulung‘urda Amir Temur davri jonlantiriladi

Bulung‘ur tumani hududida joylashgan, Amir Temur davrida bunyod etilgan Sherozqal’a arxeologik yodgorligi negizida qadimiy shaharcha konsepsiyasini shakllantirish hamda yangi turizm yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida Sherozqal’a hududi tarixiy me’moriy qiyofasini saqlagan holda restavratsiya qilinib, Amir Temur davrini aks ettiruvchi ochiq osmon ostidagi tarixiy-madaniy majmuaga aylantiriladi. Qadimiy shaharcha konsepsiyasi asosida hududda o‘sha davrga xos me’moriy elementlar, savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari hamda tarixiy sahnalarni namoyish etish uchun maxsus maydonlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida sayyohlar uchun Amir Temur davriga oid lashkarlar yurishi, xon qabuli, harbiy mashg‘ulotlar, saroy marosimlari kabi teatrlashtirilgan sahnalar namoyish etiladi. Shuningdek, Sherozqal’a arxeologik yodgorligi atrofida turizm qishlog‘i tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda milliy uslubdagi mehmon uylari, milliy oshxonalar,   hunarmandchilik mahsulotlari savdosi, folklor va madaniy dasturlarni namoyish etish uchun maydonlar barpo etiladi. Kelgusida Sheroz qal’a qadimiy shaharchasining respublika miqyosidagi yirik turistik loyihalardan biriga aylanishi, ichki va tashqi turizm oqimiga sezilarli darajada oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda, deya xabar berilmoqda Bulung‘ur tuman hokimligi rasmiy sahifalarida.