Burgutlar qoyangga yana qaytadi
Iste’dodli shoira, mahoratli publitsist Sharifa Salimova 1951 yil 30 dekabrda Toshkent viloyatining Parkent shahrida tug‘ilgan.
1979 yili ilk she’riy kitobi “Hayot zavqi” chop etilgan. So‘ngra “Mening bahorim”, "Yetti oqqush", "Xizr bulog‘i", "Giyohlar bilan tillashgan inson", "Ayolga ehtirom", "Tongga qasam", "Giyohlar bilan tillashib tog‘ oshayotgan odam" publitsistik to‘plami, "Olimlik va odamiylik", "Vatan suvrati", “Vafoning iffat yo‘li”, Kibriyo Qahhorova haqida to‘plam, “Quvnoq Alifbo” turkumidan “Hayvonot olamiga sayohat”,”Qushlar alifbosi”, “Bedor tun tomchilari” she’riy to‘plamlari chop etilgan. She’rlari ozarbayjon, tojik, rus, qoraqalpoq, olmon tillariga tarjima qilingan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
1993 yil "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni, 2018 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
***
SENING SUVRATINGNI ChIZAMAN, VATAN
Yastanib yotadi ulug‘vor tog‘lar,
Daryolar oqadi shiddatga to‘lib.
Subhidam g‘unchaning ol yanog‘ida
Shudring qimtinadi bir ummon bo‘lib
Sening suvratingni chizaman, Vatan...
Buloqlar sharqirab qo‘shiq aytadi,
Uning qo‘shig‘ida sening isming bor.
Burgutlar qoyangga yana qaytadi,
Shovullagan dunyo buncha shiddatkor.
Sening suvratingni chizaman, Vatan...
U qanchalar cheksiz qalbim tubida,
Men qayga boqmayin seni ko‘raman.
Keksalar duosi, bolam kulgusi..
Tog‘larning ko‘ksidan uzangan yo‘llar,
Oltinrang yaproqlar...Bahoriy do‘llar,
Savob uchun ko‘kka ochilgan qo‘llar,
Samoga sirlarin aytgan minorlar,
Bahorlarga irmoq uzatgan qorlar,
Ko‘pchigan dalada chopgan qulunlar,
Ostonangga rayhon sepilgan kunlar.
Shukuhga to‘laman, shavqqa to‘laman.
Shovullagan keksa chinor poyiga,
Oqargan boshimni qo‘yaman...
Sening suvratingni chizaman, Vatan.
Ana, endigina tushgan kelinchak,
Tongdan yo‘llaringni supurib qo‘yar.
Mo‘ysafid otalar yo‘lini kesmay,
Chekkada qimtinib, indamay turar.
Dasturxonga qaynoq nonlar qo‘yadi,
Sening suvratingni shunday chizadi.
Dunyo entikadi seni ko‘rgali,
Samarqand har lahza mehmon kutadi.
Ko‘hna Shosh jamolin bir ko‘rgan kimsa
Yana qaytib kelib, qo‘shiq bitadi.
Sening suvratingni chizaman, Vatan.
Na xush bu havolar – Vatan havosi,
Ko‘ksimni to‘ldirib, olaman nafas.
Dunyo peshtoqida, shukur, bayrog‘ing
Hilpirar yalovlar ila basma bas.
Tabarruk tufrog‘ing jonimga payvast,
Bugun kengliklaring xayolda kezdim,
Betimsol jamoling, tengsiz suvrating
Kechir, bilar bilmay o‘zimcha chizdim.
Onamsan, qarzingni qilolmam ado,
Borimsan, sensiz men tentigan shamol.
Ona yurtim, zavol ko‘rma iloyo,
Sen borsan, ko‘ksimiz to‘la iftixor.
Sening suvratingni chizaman, Vatan!
ORZU
Yashil liboslarni kiydiring menga,
Go‘zal bahorlarga o‘xshayin bir zum.
Yalpizlar suviga yuvay sochimni,
Chuchmoma ko‘ziga termulgancha jim.
Majnuntol, qo‘y endi ishq savdosini,
Bir nafas, kel, sen ham boshingni ko‘tar.
Sen ham bahorlarga aylansang endi
Ishqning jarohati ko‘ksingdan ketar.
Bulbul, chax-chaxlama, bir nafas sen ham,
Kel, mening yuragim tubiga qo‘y bosh.
Shunda ko‘radursan oqqan navolar
Sehriga bulbullar berolmas bardosh.
Oppoq gullar ila chulg‘angan daraxt -
Kel, menga muhabbat aylagin izhor.
Mening qo‘shiqlarim senga atalgan,
Mening yuragimda bahorlarim bor.
Qaldirg‘och, kel, mening qo‘llarimga qo‘n,
Qaro qoshlaringni silayin suyub.
Men ham yuksaklikda qanot qoqayin
Sen kabi qoraqosh qaldirg‘och bo‘lib.
Dunyo tashvishini unutay bir zum,
Bahor og‘ushida orom topsin jon.
Azizim bahorim, senga o‘xshashga
Qizg‘anmay menga ber bir lahza imkon.
Sharifa Salimova.