“Dinamo” G‘ijduvonda durang qayd etdi
O‘zbekiston (Coca-Cola) kubogining 1-tur uchrashuvlariga start berildi. “Dinamo” jamoasi G‘ijduvonda “Buxoro” mehmoni bo‘ldi.
O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘limning 82-daqiqasida "Buxoro" jamoasi vakili Suhrob Ne’matovning penaltidan kiritgan goli hisobni 1:0 ko‘rinishiga keltirdi.
O‘yinning qo‘shib berilgan daqiqalarida "Dinamo" jamoasi futbolchisi Timur Hakimov penaltini golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi va o‘yin durang bilan yakunlandi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.
***
Taekvon-do ITF
Samarqand shahrida an’anaviy taekvon-do ITF bo‘yicha “Samarkand open” turniri o‘tkazildi.
Unda respublikamizning 7 viloyatidan kelgan 200 nafardan ortiq sportchi bellashdi. Musobaqa jarayonlarini Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri A.Abduhakimov, respublika an’anaviy taekvondo federatsiyasi raisi G‘.Qosimov kuzatib bordi.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, viloyatimiz taekvondochilari birinchi o‘rinni egalladi.
***
Muaytay
Samarqand shahrida muaytay bo‘yicha 2000-2014 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi hamda professional sportchilar o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi.
Natijalarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasidagi bahsda g‘oliblikni umumjamoa hisobida samarqandliklar egalladi. Namangan ikkinchi va Toshkent shahri sportchilari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, asosiy jangda viloyatimiz vakillaridan Shahriyor Jo‘rayev oltin kamarni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Aslamjon Ortiqov, Shehroz Xolmirzayev, Jasur Istamov hamda eng yosh sportchi Shahro‘z Jo‘rayev oltin medal bilan taqdirlandi.
O‘tkazilgan 10 ta jangda tojikistonlik va afg‘onistonlik sportchilar ham qatnashdi. Qolgan oltin medallarni Buxoro, Andijon, Namangan viloyatidan kelgan sportchilar hamda 1 nafar tojikistonlik, 2 nafar afg‘onimtonlik muaytaychi egalladi.
Ahror Shamsiyev.
***
Futbol
Jomboy tumanida “Jomboy” jamoasi futbolchilari “Paxtakor-79” klubiga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobda g‘alaba qozondi.
O‘yinning 60-daqiqasida Abdulla Nabiyev hisobni ochgan bo‘lsa, 64-daqiqada Berdiyor Abdurashidov ustunlikni ikki hissa oshirdi. Qo‘shimcha vaqt sifatida ajratilgan daqiqalarda raqib hujumchisi Sanjar Toshpo‘latov yo‘llagan zarba "Paxtakor-79" uchun o‘yindagi yagona golga aylandi – 2:1.
***
Voleybol
Bulung‘ur tumanida 2003-2005 yillarda tug‘ilgan qiz bolalar o‘rtasida voleybol bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, Samarqand shahar jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Nurobod tumani jamoasi ikkinchi hamda Kattaqo‘rg‘on va Bulung‘ur tumanlari jamoalari uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Rabbim Hotamov.