Dunyodagi eng ajoyib va g‘ayrioddiy garajlar
Odatiy tushunchamizga ko‘ra garaj va avtoturargohlar unchalik chiroyli va g‘ayrioddiy bo‘lishi shart emas. Biz aksariyati qachonlardir qurilgan, hozirda ham tashqi tomoni deyarli o‘zgarmagan oddiygina ko‘rimsiz garajlarga ko‘nikib qolganmiz. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham yopiq to‘xtash joylari va garajlar ko‘pchilikni qiziqtirmaydi. Biroq, shunday ajoyib garaj tuzilmalari borki, bugun sizga ularni taqdim etishga ahd qildik (Darvoqe, tadbirkorlarimiz ulardan andaza olib, shu kabi zamonaviy garajlarni qursa, a’lo ish bo‘lardi).
Umihotaru - Yaponiya
Bu Yaponiyaning Tokio ko‘rfazida maxsus qurilgan sun’iy orol. Ushbu orol avtomobillarning vaqtinchalik to‘xtash joyi va suv ostidagi uzun (9 km) tunneldan o‘tib ketayotgan boshqa haydovchilar va yo‘lovchilarning dam olishi uchun qurilgan.
Kant-Garagen - Germaniya
Ushbu ko‘p qavatli avtoturargoh 1929 yilda Berlinda qurilgan. Bu Yevropadagi eng qadimgi mashinalar garaji va 1940 yillarga tegishli harbiy mashinalarga ega yagona garaj. Ushbu bino tarixiy yodgorlik sifatida ro‘yxatga olingan.
TreviPark - Italiya
Mana bu suratdagi platformada turgan kichkina Fiat avtomobili avtomatik tarzda Turin shahridagi yer osti to‘xtash joyiga tushishni kutmoqda. Ushbu yerosti avtoturargohi 84 ta mashinani sig‘dirishga mo‘ljallangan.
Marina Siti - AQSh
Bu ajoyib qurilmani Amerika filmlari yoki turli jurnallarda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Chikago shahrining suv bo‘yidagi ko‘chasida joylashgan 65 qavatli ikki binoning birinchi 19 qavatini egallaydigan avtoturargoh 896 ta avtomobilni sig‘dira oladi. Tasavvur qiling-a, aholi qulayligi uchun yerdagi qancha joy tejab qolingan.
Civic Center - Santa-Monika - AQSh
Santa-Monikada avtoulovlarni saqlashga mo‘ljallangan juda ko‘p ajoyib garajlar mavjud. Bu diodli lampalar bilan yoritilgan bino shahardagi eng ko‘zga ko‘rinarli avtoturargohlarning biridir. Chiroyli bino va yoritkichlar kishiga bu yerda shunchaki xunuk va ko‘rimsiz qiyofali garaj borligi to‘g‘risida taassurot qoldirishga imkon bermaydi.
Parc Des Celestins - Fransiya
Bu minora Fransiyaning Lion shahridagi avtomobillar garaji. Minora markazida kunduzgi yorug‘likni aks ettiruvchi oyna bor. Bu yerda to‘xtash joylari xizmatidan tashqari sizning yo‘qligingizda mashinangizni tekshirib, barcha tizimlar diagnostikasini bajaradigan usta-xizmatchilar tayyor turishadi.
VW Autostadt Towers - Germaniya
Volfsburgdagi ikkita shisha minoralari Volkswagen kompaniyasiga tegishli. Bu yerda yangi mashinalar saqlanadi, shuningdek, kompaniya muzeyiga tashrif buyurishga qaror qilgan mehmonlarning mashinalari to‘xtab turadi. Mashinalar maxsus jihozlar yordamida ko‘tarilib, yana shu avtomatik tarzda pastga tushirilib qo‘yiladi.
***
Odamlar o‘z mashinalariga ko‘p vaqt va mablag‘ sarflaydi, ular mashinalarini o‘z yaqinlari kabi asrab-avaylashi ajablanarli emas. Shu bilan birga avtoturargohlar bu g‘amxo‘rlikning muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Ba’zi bir shijoatkor haydovchilar hatto o‘z uylarini o‘ziga xos garajga aylantirgan holatlar ham bo‘lgan. Bizningcha, nihoyat avtomobil ixlosmandlari uchun tijorat to‘xtash joylari qurish kerak bo‘lgan vaqti keldi. Siz nima deysiz?
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.