“Yevroosiyo yuragiga sayohat” ekspeditsiyasi a’zolari Samarqandda

Mazkur ekspeditsiya a’zolari 6 iyun kuni Moskva shahridan avtomobillarda yo‘lga chiqib, kecha Samarqand shahriga yetib keldi.

Yuzga yaqin ekspeditsiya a’zolari orasida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, olimlar, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari bor.

Viloyat turizm boshqarmasi xodimlari mehmonlarni kutib olib, dastavval ularni Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh uy-muzeyi, shu yerda ijod qilayotgan “Chavqi” folklor-etnografik ansambli faoliyati bilan tanishtirdi.

-Ekspeditsiyamiz Moskva shahridan yo‘l olgan bo‘lsa, avval Rossiyadagi bir qator hududlar, keyin Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarida bo‘ldik , - deydi “Yevroosiyo yuragiga sayohat” tashkiliy qo‘mitasi vakili Alena Lupina. – Kuni kecha Toshkentdan  Samarqandga keldik va bu yerdagi qator madaniy yodgorliklar bilan tanishdik, qishloq turmush tarzini kuzatdik. Endi Buxoroga, undan keyin Tojikistonga borishni rejalashtirganmiz. Tojikistonda birinchi Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy forumida qatnashamiz. Aytish kerakki, mazkur ekspeditsiya faqat sayohatdangina iborat emas, unda davlatlararo madaniy, ilmiy, ijtimoiy  aloqalarni mustahkamlash va uning doirasida turli anjumanlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Lina Dianova rossiyalik oilaviy psixolog, youtube tarmog‘ida 600 mingga yaqin obunachilari mavjud bo‘lib, chiqishlari millionlab marotaba ko‘riladigan kontentga ega bloger.

- Samarqandda, O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim va bu yerdagi samimiylik meni o‘ziga maftun etdi, - deydi Lina biz bilan suhbatda. – Odamlardagi mehmondo‘stlik fazilati shunchaki emas, chin dildan ekanligi sezilib turibdi. Bu – bugungi odamlar ham, hayotimiz tobora individuallashib ketayotgan bir paytda muhim qadriyatlardan biri.

- Sayohat qilish asosiy xobbim bo‘lgani tufayli, qayerga borsam u yerdagi o‘ziga xosliklarni video shaklida taqdim eta boshladim va o‘z auditoriyamga ega bo‘ldim, - deydi Nadejda Pronova. – Ilgarilari asosan Yevropa davlatlari haqida videolar tayyorlaganman. Ushbu ekspeditsiya davomida, to‘g‘risi, hali Rossiyaning o‘zida ham qanchadan-qancha chiroyli va tarixiy joylar haqida bilmasligimni bildim. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi tarixiylik esa har qanday sayohatchi uchun qiziq, deb o‘ylayman. Ayniqsa, Bulung‘urdagi folklor ansamblining chiqishlaridan juda zavqlandim. Bunaqasini hali ko‘rmagandim!

Ekspeditsiya a’zolari muazzam Registon maydonida jam bo‘lishganda, ularga milliyligimiz ramzi bo‘lgan do‘piilar tarqatildi.

Gulruh MO‘MINOVA.