Hafta davomida qanday ob-havo kutilayotgani ma’lum qilindi
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, 23-24 yanvar kunlari iliq havo kirib kelishi davom etadi, respublika hududining katta qismida quyoshli va ochiq havo kuzatiladi.
24 yanvarda respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Volga bo‘yi hududlaridan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarining ba’zi joylarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida 23-24 yanvar kunlari harorat kechasi +2...+5 daraja, kunduz +12...+15 daraja iliq bo‘ladi. Shimoliy hududlarda esa 24 yanvarda kunduzgi harorat -2...-7 daraja sovuq bo‘ladi.
25 yanvarda nam va sovuq havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi. Harorat kunduzi +4...+9 daraja iliq, shimoliy hududlarda kechasi -6...-11 daraja sovuqni tashkil etadi, kunduzi -2...-7 daraja sovuqdan oshmaydi.
26 yanvarda respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik bo‘lish ehtimoli saqlanib turadi, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Harorat kechasi -2 daraja sovuqdan +3 daraja iliq, kunduzi +3...+8 daraja iliq, shimolda kechasi -6...-11 daraja, kunduzi 0...-5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.