Ibratli hikoya: Munosib voris

Bir kuni Xitoy imperatori o‘ziga munosib voris tanlash maqsadida Xitoydagi barcha 14 yoshli bolalarni yig‘ibdi va hammasiga bittadan urug‘ berib shunday debdi:

- Olti oy ichida mana shu urug‘lardan eng chiroyli gul o‘stirgan bola mening vorisim bo‘ladi!

Belgilangan vaqt o‘tibdi. Hamma bolalar bir-biridan chiroyli gullarni olib kelishibdi. Imperator ishtirokchilarning gullarini kuzatib ketayotsa, bir bola yig‘lab turganiga ko‘zi tushib qolibdi va unga savol beribdi:

– Nega yig‘layapsan, bolakay?

– Men har qancha harakat qilmay, gulni o‘stira olmadim, – deb javob qilibdi.

Shunda imperator:

– Men aynan shu bolani o‘zimga voris qilaman, – debdi.

Vazirlari taajjublanib, murojaat qilishibdi:

– Hazrati oliylari, nimaga shuncha chiroyli gul o‘stirgan bolalar bir chetda qolib, aynan gul o‘stirolmagan bolani tanlayapsiz?

Imperator:

– Chunki, men urug‘larni tarqatishdan bir kun oldin hammasini qaynatgan edim. Ulardan gul tugul, nish ham chiqmasdi! Men aynan shu bolaning to‘g‘riso‘zligi uchun o‘zimga voris qilaman, – deb javob qilibdi.