Ishtixonlik Abdumajid aka 50 kilolik tarvuz yetishtirdi
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixonda 50 kilolik tarvuz yetishtirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunday hosilni kim yetishtirgani barcha uchun qiziq, albatta.
– Tumanimizda azaldan qovun-tarvuzdan mo‘l hosil olingan, – deydi Ishtixon tumani Sohibkor mahallasida yashovchi Abdumajid Norbo‘tayev. – Respublikaga taniqli dongdor dehqonlar bo‘lgan Ishtixonda. Har yili katta qovun sayillari o‘tkazilardi. Lekin keyinchalik qovun-tarvuz yetishtirish kamayib ketdi. Shularni esladimu o‘tgan yil yangi tok ko‘chatlari orasida “Qoraqosh” navli tarvuz urug‘i ekdim. Mehnatidan qochmadik, o‘z vaqtida ishlov berdik. Shunaqangi tarvuz bo‘ldiki, ayrimlari 70 kilodan ham oshib ketdi. O‘tgan yil tajriba orttirganimiz uchun bu yil tomorqa va dehqon xo‘jaligimizda 75 sotix yerda tarvuz yetishtirdik. Bu yil tarvuzlar o‘tgan yilgidek tosh bosmagan esa-da katta bo‘ldi – 50 kilogacha kelyapti. Demak, mehnat qilsa, yaxshi hosil olsa bo‘larkan. Kelasi yil ko‘proq maydonda shunday ulkan tarvuzlarni yetishtirishni niyat qilib turibmiz.
Shu paytgacha Sohibkorda odamlar tarvuz ekmagan ekan. Abdumajid akaga havas qilib, bu yil yana sanoqli qishilar poliz ekinlari yetishtiribdi. Keyingi yilda ularning safiga yana boshqalar ham qo‘shilishni niyat qilib turishibdi.