Jomboy tumani xotin-qizlar qo‘mitasiga rais tayinlandi

Jomboy tumani hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Gavhar Alimova ayollarning ijtimoiy turmush darajasini oshirish, bandligini ta’minlash, oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilash borasida tumandagi vaziyatga to‘xtaldi. Yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.

Jamoatchilik vakillari, mahalla faxriylari hamda faol ayollar ishtirok etgan tadbirda tashkiliy masala ham ko‘rildi.

– Jomboy tumani xotin-qizlar qo‘mitasiga shu paytga qadar katta tajriba egasi H.O‘sarova rahbarlik qilib keldi, – dedi G.Alimova. – Bu muddatda ayollar muammosini hal etish borasida tuman viloyatda yetakchi bo‘lgani rost. Bugun u kishini nafaqaga kuzatyapmiz. Ammo u maslahatlari bilan bizga ko‘mak berishda davom etadi. Ishonamizki, yangi rahbar nafaqat yaxshi an’analarni davom ettiradi, balki yanada xalqqa yaqin bo‘lib, ayollar bilan bog‘liq muammolarga tumanning o‘zida, tezkorlik bilan yechim topadi.

Boshqaruv kengashi qarori bilan qo‘mita raisi lavozimiga Yusupova Zarifa Abdusalomovna Jomboy tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.

Z.Yusupova bungacha tuman “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari vazifasida faoliyat yuritgan.