Jomboyda “Inson qadri uchun” boshqacha bo‘ldi
Ushbu shior ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarning navbatdagisi Jomboy tumanining olis hududi Polvonariq mahallasi Turkman qishlog‘ida bo‘ldi. Bu tadbir avvalgilariga o‘xshamadi.
Tumanda boshqa ayrim tumanlardagi kabi dasht hududi yo‘qligi uchun “Yashil makon” loyihasi doirasida 1500 tup mevali va yana shuncha manzarali daraxt ko‘chatlari mahalla hududiga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar tomorqalariga ekildi.
- O‘tkazilayotgan tadbirlar inson qadri uchun, - dedi tuman hokimi Qayum Sobirov. – Shunday ekan, bugun ertalab boshlangan tadbir kechga yaqin yakuniga yetmasligi kerak. Shu olis qishloq obod bo‘lishi uchun kamida uch kun davom etadi. Qolaversa, bu kabi xayrli ishlar boshqa qishloqlarimizga ham ko‘chadi.
- Tadbir oldidan mahallada xatlov o‘tkazildi, - deydi tuman prokurori katta yordamchisi Xurshid Turonov. – Natijada yordamga muhtoj oilalar aniqlanib, bugun ular bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Xonadonlarini tartibga keltirish, tomorqalarini shudgorlash, daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha beminnat yordamlar ko‘rsatilyapti.
Shuningdek, mahalla hududidagi bir yarim kilometr masofadagi tuproq ko‘chaga shag‘al yotqizildi.
- Bugun mahallamizda katta bayram, - deydi shu qishloqda yashovchi onaxon D.Bolbekova. – Tumanimiz mutasaddilari boshchiligida qishlog‘imiz obodonlashtirilyapti. Shifokorlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Mahalladoshlar, yoshlar hovlimni tartibga keltirishda yordamlashyapti. Ko‘chatlar ekib berildi. Bir tarafdan minnatdorman, bir tomondan xijolatdaman. Hammalari baraka topishsin.
Tadbir doirasida ijodiy kecha, konsert dasturlari, sport musobaqalari, dorboz va boshqa milliy o‘yinlar uyushtirildi.
To‘lqin Siddiqov.