Kishinyovda gaz inqirozi tufayli mangu olov o‘chirildi
Moldova poytaxtidagi sovet askarlariga shon-sharaf yodgorligidagi abadiy olov gaz inqirozi tufayli o‘chirildi, deya xabar berdi Moldova mudofaa vazirligi matbuot xizmati. Olov zarrasi "Harbiy shon-shuhrat muzeyi"ga o‘tkazildi.
"Abadiyat" yodgorlik majmuasidagi "Abadiy olov"ga tabiiy gaz yetkazish vaqtincha to‘xtatildi. «Brigada generali Nikolay Petritsa» bosh shtabi polkining faxriy qorovul rotasi askarlari olovni Shtefan chel Mare motoo‘qchilar brigadasi «Harbiy shon-sharaf» muzeyiga olib kelishdi, deyiladi Mudofaa vazirligi press-xizmat xabarida.
Rasmiylar ikki sababga ko‘ra bunday qarorga kelishdi. Birinchidan, gaz quvuridagi bosim sezilarli darajada kamaydi. Ikkinchidan, respublika hududida kuchli shamol haqida meteorologik ogohlantirish e’lon qilindi. Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, ular bundan oldin ham xuddi shunday vaziyatda gaz oqimi haqida "Kishinyov-gaz" kompaniyasiga shikoyat qilishgan, biroq muammo yechimini topmagan.
"Gazprom" kompaniyasi 1 oktyabrda gaz yetkazib berish bo‘yicha Moldova bilan shartnomani bir oyga uzaytirdi. Shu bilan birga, «Moldovagaz» 6 oktyabr kuni mamlakatda ushbu resursni iste’mol qilish vaqtincha Rossiyadan yoqilg‘i yetkazib berish miqdoridan oshib ketgani va bu elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berdi.
Oradan bir hafta o‘tib rasmiylar gaz sohasida yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan favqulodda holat e’lon qilishga tayyorgarlik bosqichi bo‘lgan “ogohlantirish rejimi”ni joriy qilishdi. Hukumat qo‘shimcha xaridga byudjetdan tezkor mablag‘ ajratilishi uchun parlamentdan favqulodda holat rejimi joriy etishni so‘radi.