Kredit ta’tili yana uzaytiriladimi?
Matbuot uyida o‘tkazilgan brifingda Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulovning ma’lum qilishicha, koronavirus pandemiyasi davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan 8 268 ta tadbirkorlik sub’yektlarining 1 442 milliard so‘m kreditlari bo‘yicha to‘lovlar grafigi 2020 yil 1 oktyabrgacha uzaytirilgan. 166 ming nafardan ortiq jismoniy shaxsning 486 milliard so‘m kreditlari bo‘yicha “kredit ta’tili” berildi. Karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlari bo‘yicha ta’minot hujjatlari orqali undiruv va jarima sanksiyalari qo‘llanilmadi.
Kreditlar bo‘yicha muddati uzaytirilgan to‘lovlarni 1 oktyabrdan keyin ham yana bir bor kechiktirish masalasi Markaziy bank tomonidan Jahon banki ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan huquqiy asoslarga ko‘ra, banklar tomonidan mustaqil ravishda qarzdorning pul oqimlaridan kelib chiqqan holda mijozbay ko‘rib chiqilishi mumkin.