Krediti borlar chetga chiqolmaydimi?
Bankdan uch yilga iste’mol krediti olganman. Endi xorijga ishga bormoqchi edim. Tanishlarim bankdan kredit olgan bo‘lsang chet davlatlarga chiqishga cheklov qo‘yiladi deyishmoqda. Men endi xorijga ishlash uchun ketolmaymanmi?
Qahramon AShUROV, Toyloq tumani.
Bank bilan siz o‘rtangizdagi munosabatlarning barchasi fuqarolik huquqiy shartnoma hisoblangan kredit shartnomasi bilan tartibga solingan. E’tibor bergan bo‘lsangiz shartnomada sizning xorijiy davlatga chiqishingizga cheklov o‘rnatadigan hech bir qoidalar mavjud emas. Agar mavjud bo‘lgan taqdirda ham bu noqonuniy hisoblanadi. Konstitutsiyamizning 32-moddasida «Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega» deb belgilab qo‘yilgan. Bu degani kredit shartnomasida sizni xorijga chiqishingizni cheklanishi bu avvalo konstitutsiya qoidalariga zid hisoblanadi.
Ammo, vaqtincha cheklanishi mumkin. Agar qachonki siz qarzlaringizni vaqtida to‘lamagan va ishingiz majburiy byuroga ijro uchun oshirilgan bo‘lsa. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 42-1-moddasiga asosan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha qarzdorning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Qisqa qilib aytganda kredit olganingizda xorijga chiqish huquqingiz cheklanmaydi.
Zafar QARShIYeV,
Huquqshunos-maslahatchi.