Mastlik holatidagi o‘g‘irlik javobgarlikdan ozod qilmaydi
Poyezdlar yo‘lovchilarning manzillariga bexavotir yetib olishlari uchun qulay transport vositasi sanaladi. Biroq ayrim kimsalar poyezdda yo‘lovchilarning tungi shirin uyqusi va beparvoligidan o‘zlarining g‘arazli, jinoiy maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinadi.
Yaqinda Samarqandda ana shunday toifadagi shaxs tomonidan sodir etilgan jinoyat fosh etildi.
To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, 1992 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro M.Sh. o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishni maqsad qiladi. Uch nafar farzandning otasi, Samarqand shahridagi kiyim-kechak do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlovchi bu shaxs halol mehnat qilish o‘rniga, oson va egri yo‘l bilan moddiy manfaat ko‘rishni istaydi. U tonggi soat 05:20 da Samarqand temir yo‘l vokzalidan harakatlanayotgan “Termiz-Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdiga chiqadi va 11-vagonga joylashadi. Biroq poyezd yo‘lga chiqishi bilan u o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirishga kirishadi.
Dastlab poyezdning 4-vagoniga o‘tib, yo‘lovchi D.O.ga tegishli bo‘lgan «Honor X7» rusumli uyali telefon apparatini uning uxlab yotganligidan foydalanib o‘g‘irlaydi.
Keyin o‘zi joylashgan 11-vagonga qaytib, yo‘lovchi, Tojikiston Respublikasi fuqarosi A.A.ga tegishli «Redmi 10 C» rusumli uyali telefon apparatini ham yashirincha qo‘lga kiritadi. 17-vagonga o‘tgach esa vagon kuzatuvchisi M.E.ga tegishli bo‘lgan, kuzatuvchi xonasida ochiq holatda turgan «Redmi Note 12» uyali telefon apparatini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘ladi.
Jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilinganda M.Sh. qiziqarli va o‘zini oqlovchi ko‘rsatmalar berib, onasining tug‘ilgan kuni bo‘lgani bois sovg‘a izlagani, Samarqanddan mos sovg‘a topa olmagach, Toshkentga borishni maqsad qilganligini ma’lum qiladi. Yo‘lga chiqish arafasida restoran va tungi klubda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgani, poyezdda uyquga ketganidan keyingi holatlarni umuman eslay olmasligini aytadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining amaldagi normalariga ko‘ra, mastlik holatida jinoyat sodir etish shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi. Aksincha, bu holat aybni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanishi mumkin.
Fuqaro M.Sh.ning qilmishlari Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan malakalandi. Jinoyat «takroran» sodir etilgani, ya’ni bir kechaning o‘zida bir nechta fuqaroning mulkiga zarar yetkazilgani sababli og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Sherzod Shodmonov,
Transport va turizm ob’yektlarida xafsizlikni ta’minlash departamenti tergov boshqarmasi tergovchisi.