MIB Samarqand viloyat boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘i bilan Haydarov Burxon Umarovich  Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

B.Haydarov 1978 yilda Samarqandda tug‘ilgan. Ish faoliyatini 2006 yilda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati Toshkent tumanida inspektor lavozimidan boshlab, keyinchalik turli vazifa va lavozimlarda ishlagan.

Xususan, 2014-2018 yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bo‘ka tumani va Yangiyo‘l shahar bo‘limlarida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Byuro organlarida faoliyatini 2018 yilda viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida boshlagan, so‘ngra Yunusobod tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida davom ettirgan.

Mazkur tayinlovga qadar B.Haydarov MIBning Toshkent shahar boshqarmasi shu’ba katta inspektori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun: Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi sobiq boshlig‘i Sur’at Jabborov o‘z vazifasini MIBning markaziy apparatida bo‘lim boshlig‘i sifatida davom ettirmoqda.