Ngok Txay - uxlamaydigan odam
Vetnamlik Ngok Txay 40 yildan ortiq vaqtdan beri uxlamaydi. Undagi doimiy hushyorlik – osmondan tushgan in’ommi yoki la’natmi? Ngok Txay 40 yillik uyqusizligi davomida bu savolga javob topa olmagan.
Tarjimai holi
U 1942 yilda tug‘ilgan. Bolaligida qarindoshlari kichkina Ngokka nisbatan g‘ayrioddiy biror bir narsani sezmagan. U uxlashda to‘xtagandan so‘ng mashhur bo‘ldi. Bu 1973 yilda Ngoknning 31 yoshida sodir bo‘ldi.
Ngok Nguyen Txi Bay ismli ayolga uylangan. Turmush o‘rtog‘i uy bekasi, 4 farzandining hech biri otasining bu xususiyatini meros qilib olmagan.
Ngoy Txay nega uxlamay qolgan ekan?
Vetnamlikda bu xususiyat paydo bo‘lishini tushuntirib beradigan ikki taxmin bor. Ikkalasi ham haqiqatga o‘xshaydi, biroq uyqusizlikning asl sababini faqat janob Ngok biladi. Birinchi taxminga ko‘ra, u 1973 yilda og‘ir bezgak kasalligiga chalingan. Sog‘ayib ketgandan so‘ng, uyquga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotgan. Boshqa taxminga ko‘ra, janob Ngok Txay bir kuni quyoshda ishlayotib juda qizib ketgan, shundan so‘ng faqat kechalari ishlay boshlagan.
Jurnalistlar keksa odamning doimo hushyor yurish sababini topa olmadilar. Ular hatto bir marta janob Ngokni Danang shahridagi kasalxonaga yuborishdi. Shifokorlar g‘ayrioddiy bemorni tekshirganda, unda hech qanday kamchilik topilmadi. Janob har kuni mashaqqatli mehnat bilan shug‘ullanadi va u hech qanday charchoq sezmaydi.
Kameralar ortidagi hayot
Vetnamlikning fenomeniga qiziqqan xorijiy jurnalistlar unikiga tez-tez tashrif buyurib, uning tungi hayotini alohida qiziqish bilan kuzatadilar. U esa qorong‘ulikda odatdagi ishlarini bajaradi: bambukdan savat to‘qiydi, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Ngok uyqusiz tunlarini dalada o‘tkazishni afzal ko‘radi.
U haqida bir necha filmlar yaratilgan, biroq u katta to‘lovlar talab qilmaydi. Mashhur vetnamlik oladigan barcha pullarini o‘z iqtisodiyotini rivojlantirishga sarflaydi.
Uzoq yillar davomida uyqusiz yashash ajablanarli. Bunday hayot tarziga ega oddiy odam allaqachon aqldan ozishi mumkin. Ba’zi jurnalistlar janob Ngokni rivojlangan mamlakatlarga borishga va u yerda tibbiy yordam so‘rashga undashadi, chunki uning hodisasini o‘rganish kerak. Ammo u bunday takliflardan rad etadi, chunki u tunlari o‘z uyisiz, notanish mamlakatda nima qilishini bilmaydi. Hayotining ma’nosi mehnatda bo‘lgan Ngok bekor o‘tirishni xohlamaydi.
Ko‘p yillar davomidagi uyqusizligi tufayli janob Ngok Txay yaqinlari uchun juda ko‘p foydali ishlar qildi va jangovor harakatlardan talofat ko‘rgan o‘rmonni tikladi. Agar Txay Amerikada yashaganida, ehtimol, ko‘plab taniqli olimlar unga yordam berishni va uning noyob xususiyatlarini o‘rganishni istagan bo‘lishardi. Ammo Osiyoda negadir uzoq muddatli uyqusizlik hech kimni qiziqtirmadi, shu sabab janob Ngok barcha qiyinchiliklarini o‘zi hal qilib keladi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.