Onalarning har biri oqila, akademik

Samarqandda respublika "Oqila ayollar" jamoat tuzilmasi vakillari ishtirokida, mazkur faoliyatning samaradorligini oshirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman miqyosida tashkil etilgan tuzilma a’zolari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
-Oiladagi muhitni yaxshilash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ular o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish faoliyatimizning asosiy mezonini tashkil etadi, - dedi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Zebiniso Rahmonova. - Alohida ta’kidlashni istardim, ish boshlaganimizda sohaga tegishli ko‘p ko‘rsatkichlar, jumladan, ajralishlar, jinoyatchilik kabi noxush holatlar oshgandi. Yil so‘ngiga kelib, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik 13 foizga kamaydi, ajralishlar soni ham pasayilishiga erishildi. Bu o‘zgarishlarda joylardagi xotin qizlar faollarining sa’y-harakatlari bilan bir qatorda Oqila ayollar harakati a’zolarining faoliyati ham muhim.
- Bugun respublika miqyosida 150 mingdan ortiq Oqila ayollar a’zolari shakllantirildi, - deydi respublika Oqila ayollar harakati rahbari, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmonova. - Ular orasida davlat mukofoti sovrindorlari, jamiyatda ham, oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, namunali ayollar tanlab olindi. Aslida, yurtimizdagi barcha ayollar oqila. Kimdir pazandachilikda, kimdir tikuvchilikda, kimdir farzand tarbiyasida, kimdir muomala munosabatda. Ammo hammamiz ham hayotning barcha jabhasida ideal bo‘lolmaymiz. Kimdir taqozosiga ko‘ra, yana birov adashib hayotini izdan chiqarishi mumkin. Oqila ayollar tuzilmasi a’zolari aynan shu ayollar bilan ishlashi lozim.
Keyingi yilarda pensiya, bandlik, salomatlik masalalarida, nogironligi bor insonlar, muhojirlar uchun qator yangi imtiyozlar, imkoniyatlar yaratilmoqda. Oqila ayollar joylarda aholi bilan ishlashdan avval o‘zlari ham shu imtiyozlar, qonun hujjatlaridan xabardor bo‘lishlari kerak.
Shuningdek, seminarda falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhamedova va boshqa mutasaddilar ham oilalar bilan ishlash bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi.
Shu kabi seminarlar viloyatning barcha tumanlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.