O‘zbekistonda "O‘zbekkosmos" agentligi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashkil etildi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi Yo‘ldosh aloqa texnologiyalari boshqarmasi tugatilib, uning bo‘shaydigan 5 ta shtat birligi “O‘zbekkosmos” agentligiga o‘tkazildi.

Agentlik kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Agentlik bosh direktori va direktor o‘rinbosarlari Hukumat qarori bilan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Farmon bilan shuningdek, Agentlik huzurida Ilmiy texnik va ekspert kengashi tashkil etildi.

Shunga ko‘ra, kosmik tarmoqni rivojlantirishning strategik masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish Kengash xulosalari asosida amalga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, 2019–2020 yillarda O‘zbekistonda kosmik tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan tashqari, “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqiladi.