Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pak Kvang On: "O‘n uch asr avval boshlangan do‘stlik barcha sohalarda izchil davom etadi"

Ayni paytda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Milliy assambleyasining “Koreya – O‘zbekiston” Parlamentlararo do‘stlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.

Samarqand temir yo‘l vokzalida mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov kutib oldi.
Delegatsiya a’zolari Samarqand bilan tanishuvni Ulug‘bek rasadxonasidan boshladi. Ularga mazkur majmuaning tarixi, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng koreyalik mehmonlar Xo‘ja Doniyor maqbara-majmuasi, Shohi Zinda yodgorligi bilan tanishdi. "Afrosiyob" muzeyidagi noyob tarixiy ashyolar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Samarqandda tarixiy obidalarni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
- Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarimiz bundan 1300 yil avval boshlangan, - dedi Pak Kvang On. - Bugun bu do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlangan. Samarqand buyuk tarixga ega joy. Bu yerdagi tarixiy obidalar menda unutilmas taassurot qoldirdi.