Bizni kuzating

Qatag‘on izlari, avlodlar xotirasi va adolat sabog‘i yoxud Bosh prokuratura muzeyiga bir nazar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi muzeyiga kirganmisiz? Bu yerga kelmagan bo‘lsangiz, albatta, keling, tarixiy hujjatlar, eski fotosuratlar, qatag‘on davriga oid ashyolar va eksponatlar sizga yaqin tarixdan so‘zlaydi.

Muzeyga kelgan har bir inson bu yerda xalqimizning boy tarixi, prokuratura organlarining tashkil topishi va rivojlanishi, mamlakatimizda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Muzey nafaqat o‘tmishni yodga olish, balki yosh avlodni Vatanga muhabbat, qonunga hurmat, kasbiga sadoqat va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan maskan hamdir. Zero, tarixiy haqiqatni kelajak avlodga yetkazish juda sharafli va mas’uliyatli vazifa.

Muzeydagi eksponatlar orasida meni eng ko‘p hayajonga solgani — sobiq totalitar tuzum davrida xalqimiz boshidan kechirgan qatag‘onlar haqidagi tarixiy ashyolar bo‘ldi. Ularda jadid bobolarimizning fojiali taqdiri, minglab begunoh yurtdoshlarimizning nohaq ayblovlar bilan ta’qib qilinishi, qamalishi va hayotdan bevaqt ko‘z yumishi aks etgan.

Bu ashyolarga qarab turib, ularning har biri ortida bir inson taqdiri, bir oilaning iztirobi, bir xalqning og‘ir dardi borligini his etasiz. Ular oddiy tarixiy buyumlar emas, ular xalqimiz boshidan kechirgan adolatsizlik va qonunsizlikning jimgina, ammo ta’sirchan guvohlaridir.
Ayniqsa, yosh huquqshunoslar bu tarix bilan yaqindan tanishishi juda muhim. Chunki o‘tmishdagi xatolarni bilish va ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarish kelajakda bunday fojialar takrorlanishining oldini olishga xizmat qiladi.

Bugun huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilayotgan har bir xodim buni doimo yodda tutishi kerak: qonun hamma uchun barobar, inson huquqi va qadr-qimmati esa eng oliy qadriyatdir. Shu bois har qanday vaziyatda Konstitutsiya va qonun talablariga qat’iy amal qilish, surishtiruv va tergov jarayonlarida xolislik, qonuniylik va adolatni ta’minlash har bir huquqshunosning muqaddas kasbiy burchidir.

uzeyda menda yana bir iliq va faxrli tuyg‘u uyg‘otgan jihat — prokuratura organlarida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilgan faxriy va marhum hamkasblarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ehtirom bo‘ldi. Ular o‘z hayotini qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolatni ta’minlashdek sharafli ishga bag‘ishlagan insonlardir. Ularning halol xizmati, fidoyiligi va kasbiga sadoqati bugungi yosh xodimlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Bunday insonlarning nomini e’zozlash, ular qoldirgan boy tajriba va ezgu an’analarni davom ettirish — biz, avlodlarining burchimizdir. Chunki munosib yashalgan hayot va halol xizmat hech qachon unutilmaydi.

Ishonchim komilki, Bosh prokuratura muzeyi yosh avlod uchun nafaqat tarixiy bilimlar maskani, balki hayot va kasb haqida chuqur o‘ylashga undaydigan ma’naviy tarbiya dargohidir. Zero, tarixni bilish — o‘zlikni anglashdir. O‘tmishni unutmaslik — kelajak oldidagi mas’uliyatdir. Qonunga sadoqat — huquqshunosning sha’ni, inson qadrini himoya qilish — uning eng oliy vazifasidir.

Erkin Abzalov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi faxriysi, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi.