“Qorasuvda tartib o‘rnatish payti keldi”

Viloyat hokimi E.Turdimovning Samarqand shahridagi ushbu yangi massivda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishgandan va tahlil qilgandan keyingi xulosasi va talabi shunday bo‘ldi.

Keyingi ikki yil ichida bu yerda 32 ta ko‘p qavatli uylar barpo etildi ularda 1344 oila yashayapti. Hozirda yana 1400 ta uy qurilayapti. Ammo haqiqiy holat shuni ko‘rsatayaptiki, “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida qurilayotgan bu ob’yektlarda ish juda sust bormoqda. Qurilish tashkilotlari mutassadilarida fidoyilik, jonkuyarlik, tashabbuskorlik yetishmayapti. Kompaniya binokorlari oldingi yildagi xatolardan yetarlicha xulosa chiqarib olmagan ko‘rinadi. Chunki o‘tgan yili arxitektura normalarining buzilishi va qurilish muddatining cho‘zilishi bois uy-joy egalaridan ko‘p e’tirozlar tushgandi.

Faqat bugina emas, yangi massivda ishga tushirilgan uylardan foydalanish, obodonchilik ham ko‘ngildagidek emas. Uy-joy shirkatlari nomigagina tuzilgan. Uning xodimlari shaharning boshqa bir burchagidan kelib ishlashadi. Obodonchilik guruhi haqida ham shunday deyish mumkin.

Shirkatlar kommunal to‘lov uyushtirmagan, ko‘p xonadonlar kadastr hujjatini tayyorlashga kirishmagan. Natijada uylar orasidagi maydonlar qarovsizlikdan qaqrab yotibdi. Ekilgan daraxt nihollari qurib ulgurgan. Yangi qurilayotgan uylar atrofida esa obodonchilikka qo‘l ham urilmagan.

Muloqot jarayonida shahar militsiya tayanch punkti boshlig‘i, uchastka noziri, mahalla oqsoqoli, obodonchilik departamenti rahbarlari va boshqa mutasaddilardan jiddiy javob so‘raldi.

- Viloyat hokimligi bu massivdagi uy-joy taqsimoti muammosi bilan qancha shug‘ullanayotganini aholi ko‘rib turibdi, - deydi viloyat hokimi. – Har bir shikoyat atroflicha o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etilayapti. Lekin uy-joylarni rasmiylashtirishga, boshqarishda, fuqarolik ishlarini yuritishga, obodonchilikni uyushtirishga mutasaddi idoralar hamon o‘zini chetga olib turibdi. Menimcha, har bir mas’ul shaxs o‘z faoliyati uchun javob beradigan payt keldi.

Muloqot so‘nggida yangi uylarda qurilish ishlarini 20 sentabrgacha tugallash, mahalliy mutaxassislar yordamida obodonchilik ishlarini boshlash, massivda bitta mustahkam shirkat tuzishga kelishib olindi.