Samarqand shahrida 9,5 milliard so‘mlik gaz talon-toroj qilingani ma’lum qilindi

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand shahridagi 9 ta ko‘p qavatli uyda qariyb 9 mlrd. 535 mln. so‘mlik tabiiy gazdan, 2 ta ko‘p qavatli uy esa 64 mln 800 ming so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Vazirlik huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan tegishli organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Samarqand shahridagi 136-144-sonli ko‘p qavatli uylar (9 ta) tabiiy gaz tarmog‘iga «Billing» dasturidan ro‘yxatdan o‘tmagan holda ulanib olib, undan noqonuniy foydalanib kelayotgani fosh etilgan.

Ushbu ko‘p qavatli uylar “A.B.” MChJ tomonidan qurilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimga qariyb 9 mlrd. 535 mln. so‘m (25 mln. 90 ming 836 metr kub) zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, mazkur hududdagi 142-143-sonli ko‘p qavatli uylar elektr energiyasidan foydalanish uchun shartnoma tuzmasdan, «PK-uchyot» bazasida ro‘yxatdan o‘tmagan holda noqonuniy foydalanib, tizimga 64 mln. 800 ming so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.