Samarqandda ham hokimlikka ayol kishi tayinlandi
Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida Alimova Gavhar Zoyirovna Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Gavhar Alimova Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1989 yilda Jomboy tumanidagi 16-maktab yo‘riqchiligidan boshlagan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi mutaxassisi, avvalgi “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2018 yildan 2020 yilgacha Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, yaqindan boshlab esa Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Gavhar Alimova 2017 yildan buyon Kattaqo‘rg‘on shahriga hokimlik qilgan Muzaffar Xoshimov o‘rnini egalladi.