Samarqandda “Kitobxonlik haftaligi” ish boshladi
Bugun Pushkin nomli viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi” ochildi. Aholi va yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda “O‘qing, yangi kitoblar!” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘rtasida “O‘qigan eng yaxshi asaringiz qaysi?” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi. Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura muzeyi hamkorligida “San’at olamiga sayohat” ko‘chma ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
- Yoshlarni miniatyura san’atiga qiziqtirish va bu san’atni qaytadan rivojlantirish maqsadida o‘z ko‘rgazmalarimiz bilan Samarqandda qatnashyapmiz, - dedi miniatyurachi rassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Kamol Mirzayev.
Samarqandda “Kitobxonlik haftaligi” 9 aprelgacha davom etadi. Unda “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi, “Sevgan kutubxonamga kitob taqdim etaman” aksiyasi, turli ijodiy kechalar, ilmiy va badiiy adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi.