Samarqandda qancha ishsiz fuqaroga necha so‘m ishsizlik nafaqasi to‘langan?
Mehnat kodeksining 65-moddasiga ko‘ra, ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran ishsizlik nafaqasi tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqani to‘lashni boshlash fuqaro ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan 11 kundan oshmasligi kerak.
Ushbu nafaqa bir yilda ko‘pi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida to‘lanadi.
Xususan, agar shaxs avval qaysidir tashkilotda ishlab keyin ishsiz deb topilgan bo‘lsa, unga nafaqa avvalgi ish joyida so‘nggi yilda olgan o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida to‘lanadi. Mazkur tamoyil bo‘yicha joriy yilning yanvar oyida viloyat bo‘yicha 1156 fuqaroga 805,7 million so‘m ishsizlik nafaqasi to‘langan.
Agar shaxs avval ishlamagan bo‘lsa, unda ishsizlik nafaqasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida to‘lanadi. Hozirda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 747 ming 300 so‘m ekanini hisobga olsak, bunda ishsizlik nafaqasi 560 ming 475 so‘m miqdorida belgilanadi.
Agar shaxs avval qayerdadir ishlagan ishdan bo‘shaganiga uzoq muddat, ya’ni 1 yildan ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, ishsizlik nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini bir baravari - 747 ming 300 so‘m miqdorida ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Feruz Boliyev,
Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i.