Samarqandda soya maydonlari ikki barobar ko‘paytirilishi ma’lum qilindi

Mamlakatimiz ichki iste’mol bozorida soyaga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Bu ushbu mahsulot doni tarkibida 50 foiz oqsil, 28 foizgacha moy mavjudligi tufayli oziq-ovqat sanoatida muhim xom ashyo hisoblanishi bilan ham bog‘liq.

Bundan tashqari, soyaning sanoat, texnika, chorvachilikni rivojlantirishda ham roli katta. Undan sovun, lok-bo‘yoq, yelim mahsulotlar ishlab chiqarishda, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida keng foydalaniladi. Soyadan shrot, kunjara olinadi. Yashil poyasi chorva uchun to‘yimli ozuqa. Umuman, soyadan 400 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqarish mumkin.

Bu yil Past Darg‘om tumanida qariyb 2 ming gektar, Kattaqo‘rg‘on tumanida 1685 gektar, Narpayda 871 gektar, umuman, viloyatimiz bo‘yicha 7 ming 822 gektar maydonda soya yetishtirilmoqda, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Fermerlar uchun daromadli, sanoat, chorvachilik va boshqa tarmoqlar uchun foydali bo‘lgan ushbu yo‘nalishni kengaytirish maqsadida kelgusi yilda viloyatimizda 15 ming gektardan ortiq ochiq yer maydonida soya yetishtirish rejalashtirilgan.