Samarqandda velopoygachilar paraplanda ham uchishdi
Samarqandda davom etayotgan “Yoshlar sayyohlik festivali” doirasidan o‘rin olgan navbatdagi musobaqa bugun Afrosiyob tepaliklari hududida bo‘lib o‘tdi.
Unda tog‘ velosporti bo‘yicha respublikaning 8 dan ortiq hududlaridan 100 ga yaqin vakillar ishtirok etdi.
Musobaqalar turli bosqichlarda, jumladan, “downhill”, “uphill” kabi turlarda tashkil etildi. Musobaqa o‘tkazilayotgan hudud sportchilarga go‘zal manzaralar bilan o‘zgacha zavq baxsh etdi. Ishtirokchilar harakatlanadigan yo‘l juda murakkab bo‘lib, turli past-balandliklardan iborat.
Musobaqaning maqsadi sport turizmi, tog‘ yo‘nalishi va velosportini keng rivojlantirish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, ichki turizm sharoitida yoshlarning sayyohlik faolligini oshirishdan iborat.
Mazkur tadbirning o‘zgacha jihati paraplanda uchish bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, festival doirasidagi tadbirlar 1-2-3 aprel kunlari Samarqand tumanidagi “Oq bo‘yra” turistik markazida bo‘lib o‘tadi.
Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati.