Samarqandga 11 oyda 8,5 millondan ziyod sayyoh keldi
Kelgusi yil turizm sohasida yangi loyihalar ishga tushiriladi
Shu yilning o‘tgan davrida viloyatga 3 million nafar xorijiy, 5,3 million nafar mahalliy sayyoh keldi. Sayyohlarning qolish kunlari 2,5 kundan 3 kunga, turizm xizmatlari eksporti 606 million dollarga yetkazildi.
Yil boshidan buyon 3789 o‘rinli 228 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, Samarqandning turistik brendi va dizayn kodi ishlab chiqildi, 50 dan ziyod madaniy ko‘ngilochar tadbir va festivallar o‘tkazildi. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Urgutdagi Tersak va Omonqo‘ton, Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallalariga turizm qishlog‘i maqomi berildi.
Viloyatimizning turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida turizm sohasi vakillari tomonidan dunyoning o‘ndan ziyod davlatida turizm targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, 20 ga yaqin davlatning nufuzli OAV vakillari hamda yirik turizm kompaniyalari xodimlari uchun viloyat bo‘ylab info-turlar tashkil etildi va 600 million auditoriya qamrab olindi.
Viloyatda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan master-reja asosida kelgusi yil Urgutning Omonqo‘ton va Qoratepa mahallalarida 80 gektar maydonda yirik turizm loyihalari amalga oshiriladi.
Jumladan, Qoratepa suv ombori va tog‘ yonbag‘irlarida kemping va kapsula “Eco village” shaharchalari, Omonqo‘ton mahallasida xizmat ko‘rsatish nuqtalari va “Omonqo‘ton” milliy qo‘riqxonasining rekreatsion zonasida sayyohlar uchun kuzatuv maydoni va yo‘laklar tashkil etiladi.
Tumanning Chorchinor mahallasini turizm qishlog‘iga aylantirish rejalashtirilgan bo‘lib, 25 million dollarlik investitsiya mablag‘i hisobiga zamonaviy ovqatlanish maskanlari, kanat yo‘li, ekouylar, o‘tovlar, mehmonxona, servis va savdo ob’yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va natijada 300 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, viloyatda tungi vaqtda 24/7 rejimidagi turizm ko‘chalari tashkil etilib, beshta mahallaga turizm qishlog‘i maqomi beriladi va Urgut, Nurobod, Samarqand tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on suv ombori hududlari birlashgan holda turizm zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Shuningdek, Urgut, Toyloq, Samarqand, Past Darg‘om tumanlari Darg‘om kanali sohili hududlarida tadbirkorlar rekreatsion maskanlar tashkil qiladi.
Bulung‘ur tumanida 25 gektar maydonda dam olish maskanlarini tashkil qilish bo‘yicha bo‘sh turgan yer maydonlari auksionga chiqarilmoqda. Ushbu hududda esa ekoturizm, rekreatsion, gastronomik, madaniy ko‘ngilochar xizmatlar, restoranlar, tematik park va “eko qishloq” loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jo‘rabek Suyunov,
viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.