Samarqandga sayohat qiluvchilarga imtiyoz beriladi

Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyatdagi turistik firmalar tomonidan 25 apreldan 5 maygacha “Ramazon” nomli imtiyozli turistik paket e’lon qilindi.

– Asosiy maqsad Ramazon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarni Samarqandga ko‘proq jalb qilish, ularning maroqli hordiq chiqarishlari uchun keng imkoniyat yaratishdan iborat, – deydi Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobilov. – Mazkur loyiha doirasida Samarqanddagi muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohatlar uyushtiriladi va majmualarga kirishda 20 foizgacha imtiyoz beriladi. Ro‘za kunlarida iftorlik tadbirlari uyushtiriladi. Mehmonxonalar, transport vositalari va ovqatlanish shoxobchalarida ham imtiyozlar mavjud. Bundan tashqari, bir qator madaniy dasturlar, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi.

Mahalliy va xorijlik sayyohlar 1 may kuni Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Favvoralar sayli”da hamda Ramazon hayiti tadbirlarida ishtirok etishlari uchun imkoniyat yaratiladi.