Siyob arig‘i bo‘ylari ko‘rkam qiyofaga kiryapti
Qariyb ikki oydan buyon Samarqand shahridan oqib o‘tgan Obi Rahmat, Siyob ariqlarning atrofini tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar viloyat hokimi taklifiga ko‘ra, bir guruh tadbirkorlarning tashabbusi bilan amalga oshirilyapti.
Tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan Xalqaro turizm markazidan boshlanuvchi 18 kilometrlik Siyob arig‘ining ikki tomonida obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda.
Jumladan, Obi Rahmat, Xo‘ja Doniyor mahallasi aholisi, shuningdek, «SFX» qurilish korxonasining 100 ga yaqin ishchilari Xo‘ja Doniyor majmuasidan akademik Vohid Abdullayev ko‘chasigacha bo‘lgan 2 kilometrlik hududni tozalab, ariqning ikki tomonidan 4 metrlik velo va piyodalar yo‘laklari qurish ishlarini yakunladi.
Majmua atrofidagi 400 metrlik devor-to‘siq olib tashlandi. «Yashil makon» loyihasi asosida butasimon va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.
- Tadbirkorlarning tashabbus bilan chiqishi barchaga, jumladan, Xo‘ja Doniyor mahallasi ahliga ham ma’qul keldi, - deydi Xo‘ja Doniyor majmuasi direktori Zafar Mahmudov. - To‘siqlar borligi tufayli ko‘pchilik sayyohlar maqbarani topolmay, adashib o‘tib ketardi. Devor olib tashlangach, mahalla ahli ham o‘z xonadonlarining tashqi ko‘rinishiga e’tibor bermoqda. Bir nechta uy-mehmonxonalar ochilmoqda.
Hashar yo‘li bilan obodonlashtirilayotgan hududdan 250-300 tonna maishiy chiqindi tashib ketildi. Ayni vaqtda quruvchilar ariq bo‘ylariga chim yotqizib, daraxt ko‘chatlari o‘tqazmoqda.
- Ikki kilometr masofaga sug‘orish tarmoqlari tortilib, 90 ta tungi chiroq, 50 ta o‘rindiq va temir panjaralar o‘rnatildi, - deydi «SFX» MChJ ish boshqaruvchisi Sherzod Aliyev. – Yo‘laklarda 1,5 ming kub temir-beton ishlari bajarildi. Qurilish ishlariga xalaqit bermasligi uchun yer ostidan o‘tgan 700 metr masofadagi tabiiy gaz tarmoqlari yer ustiga olindi. Shuningdek, ikki qirg‘oqni bir-biri bilan bog‘lab turadigan 3 ta ko‘prik quriladi.
Obodonlashtirish ishlari jarayonida Obi Rahmat mahallasidagi birorta xonadon buzilmadi. Faqat noqulay joylashgan qo‘shimcha bino va devorlar balandroq ko‘tarilib, atrofi obod qilindi.
- Ikki kundan buyon 800 tupdan ziyod archa, majnuntol kabi daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, ming kvadrat metr chim yotqizdik, - deydi korxona ishchisi Hasan Saymerov. – Ariqning tubigacha tozalab chiqdik. Yopilib ketgan buloq ko‘zlari ham qayta ochildi shekilli, ilgarigidek oqova emas, balki tiniq suv oqa boshladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Husan ELTOYeV olgan suratlar.