Soliqlar ortiqcha hisoblanadimi?
Fuqarolar tomonidan yer va mol-mulk soliqlari ortiqcha hisoblanayotgani xususida bot-bot murojaatlar kelib tushadi. Xo‘sh, aslida bu kabi holat qanday yuzaga keladi? Haqiqatan ham soliqlar ortiqcha hisoblanadimi?
Viloyat davlat soliq boshqarmasi Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi mas’ul xodimi Jamshid Narziqulov savol bo‘yicha quyidagilarni bildirdi:
Soliqlar ortiqcha hisoblanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 437-moddasiga asosan yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki uni obodonlashtirish amalga oshirilmagan taqdirda soliq uch baravar miqdorda to‘lanadi. Shuningdek, yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida belgilanadi.
Soliq kodeksining 422-moddasiga asosan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan ro‘yxatga olinmagan yangi qurilgan uy-joylarga nisbatan soliq stavkasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan taqdim etilgan axborot asosida mulkning shartli qiymatiga nisbatan ikki baravar miqdorida qo‘llaniladi. Hududlarning va faoliyat amalga oshiriladigan joylarning xususiyatlarini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari o‘rnatilgan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha bo‘lgan oraliqdagi kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilashga haqli.
Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, soliq ushbu modda birinchi qismining 1-3-bandlarida belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanadi.
Normativ muddatda qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yektlarga nisbatan soliq stavkasi, agar ushbu moddaning oltinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, 3 foiz miqdorida belgilanadi.
Bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, qurilishi tugallanmagan ob’yektlarga nisbatan qonunchilikda oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yo‘li bilan yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.