“So‘z bilan tirikman, nafasim ham so‘z”

Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida iqtidorli shoir Boboqand Mirzoning “Ko‘rgulik” deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, Boboqand Umarov (Boboqand Mirzo) Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidan. Jurnalist. Hozirda Navoiy viloyatining bosh nashri – “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi bosh muharriri. Aslida haqiqiy ijodkor qaynoq jarayonlar markazi bo‘lgan tahririyatlarda yetishib chiqadi. 45 yoshli ijodkor chorak asrlik faoliyati davomida Navbahor tumani gazetasi muxbiri, so‘ngra muharriri, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi bosh muharriri o‘rinbosari va “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi tahririyatlarida ishlaganki, bu faol ishi ijod maydonida o‘z o‘rnini topishida katta turtki bergan.

“Ko‘rgulik” – muallifning uchinchi kitobi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, shoira Xosiyat Bobomurodova, Jurnalistlar uyushmasi Navoiy va Samarqand viloyat bo‘limlari rahbarlari Otabek Aslanov va Akram Haydarov ishtirok etgan taqdimotda kitobning nega shunday nomlangani haqida savol berildi.

- O‘zbek tilining izohli lug‘atida ko‘rgulik so‘zi erk-ixtiyordan tashqari holda kishi hayotida yuz bergan ko‘ngilsiz voqea, hodisa, holat, shuningdek, peshonaga yozilgan taqdir, qismat kabi ma’nolarda qo‘llanilishi yozilgan, - deydi muallif Boboqand Mirzo. - Biz yashab turgan olam turli sir-sinoatlarga to‘la. Uni bilish, anglab yetish uchun bir inson umri kamlik qiladi. Lekin odamzod uni tushunishga intilaveradi. Shu ma’noda kitobni ana shunday nomladim.

Darhaqiqat, Boboqand Mirzo bundan mosuvo emas. Uning she’rlarida ijodkor ko‘ngil kechinmalarining yorqin suratlari, quvonchu og‘riqlari, umidlari aks etgan. She’rlarining mavzu ko‘lami, shakliy va uslubiy o‘ziga xosligi kitobxonni mulohazaga chorlaydi. She’rlarni o‘qib, bevosita har bir satrning asiriga aylanasiz. U bilan xayollar og‘ushiga g‘arq bo‘lasiz. Tasavvurlar esa ko‘z oldingizda gavdalanaveradi. 

Darvoqe, kitob shoirning onasi Mukarram aya Umarovaning xotirasiga bag‘ishlangan, to‘plamga O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim so‘zboshi yozgan. Unda Usmon Azim “Ijodkor so‘zni avaylaydi, qadrlaydi. Boboqandning “So‘z bilan tirikman, nafasim ham so‘z...”, deb yozgani bejiz emas, deya e’tirof etadi. 

Uchrashuvda kitobning bugungi o‘quvchiga qadr-qimmati haqida so‘z yuritildi, Boboqand Mirzo o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi.

Ijodkor tadbir ishtirokchilariga 100 nusxaga yaqin kitobini tekin taqdim etdi. Shuningdek, viloyat pedagogik mahorat markazida tashkil etilgan "Ochiq kutubxona"ga o‘z muallifligidagi kitoblarni sovg‘a qildi.