“Vaqt kapsulasi” – O‘zbekiston 50 yildan keyin...

Bolaligimdan kitob o‘qishga, ilm olishga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Maktabda ham aniq, ham tabiiy fanlarni chuqurroq o‘zlashtirishga, til o‘rganishga intilganman.

Turli tanlov va fan olimpiadalarida qatnashib, viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman.

Matematikaga bo‘lgan qiziqish maktabni tugatganimdan keyin meni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga yetakladi. 4 yil davomida ustozlarim ko‘magida ko‘plab ilmiy maqolalar yozib, xalqaro konferensiyalarda qatnashdim. Soliq va soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va audit, moliya va moliyaviy texnologiyalar kabi mavzularda yozilgan maqolalarim respublika va xalqaro jurnallarda chop etilgan. Qolaversa, o‘quv qo‘llanmalar, kitoblar nashr ettirdim. Shuningdek, turli davlatlarda tashkil etilgan xalqaro fan olimpiadalarida qatnashdim. Jumladan, 2023 yilda Rossiyada o‘tkazilgan Yevroosiyo xalqaro iqtisod olimpiadasida 100 dan ortiq mamlakat vakillari orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. 

O‘qishimni, ya’ni magistratura bosqichini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida davom ettirishni maqsad qilgandim va bunga ham erishdim.

Ko‘nglimda “Mard o‘g‘lon” mukofotiga sazovor bo‘lish orzusi bor edi. Bu niyat kecha yoki bugun emas, mukofot ta’sis etilgan kundayoq paydo bo‘lgandi. Bunga erishish uchun nimalar qilishim kerakligini ustozlarimdan so‘raganimda, ular menga mukofot nizomi haqida atroflicha tushuncha bergandi. Ustozlarim aytganidek, o‘z ustimda ishlab, xalqaro tadbirlarda qatnashib, serqirra ijodkor bo‘lishga harakat qildim. Bugun esa ana shunday eng katta maqsadlarimdan biriga erishdim.

Asosiysi, bu mukofotni Davlatimiz rahbarining qo‘llaridan qabul qilib olganim meni juda xursand qildi, faxrlantirdi.

Prezidentimiz menga mukofotni topshirish jarayonida “Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?”, deb savol berdi. Men yetuk iqtisodchi bo‘lishimni aytdim. Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda mamlakatmizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bundan keyin ham kengayib borishini, bundan oqilona foydalanishimiz kerakligini aytib, maqsadimga erishishim uchun ishonch bildirdi. Bu albatta, menga ilhom bag‘ishladi, shashtimga shasht qo‘shdi. Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivoji yo‘lida, ayniqsa, uning xalqaro nufuzini oshirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z hissamni qo‘shishga va’da berdim.

Ahamiyatlisi, tadbirdan so‘ng Yangi O‘zbekiston bog‘iga borib, “Vaqt kapsulasi”ni o‘rnatdik. Biz shu paytgacha bo‘lgan jarayonlarni, yaratilgan imkoniyatlar va erishgan yutuqlarimizni tarixga muhrladik. 50 yildan keyin, ya’ni 2075 yilda kelajak avlod ochib, o‘qib ko‘radi. Ishonamanki, o‘shanda O‘zbekiston eng rivojlangan mamlakatlar qatorida turgan bo‘ladi. Yoshlar esa o‘z davridagi yutuqlar bugungi yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi ekanligiga amin bo‘ladi.

Feruz Hakimov,

“Mard o‘g‘lon” mukofoti sohibi.