Vasiyga bola parvarishlash ta’tili beriladimi?
Ushbu savolga Samarqand tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Jahongir Mamadiyorov javob berdi.
- Xodim yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olganda yoki unga vasiy qilib belgilanganda, bola parvarishlash ta’tili olish asosi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida keltirib o‘tilgan.
Jumladan, mazkur kodeksning 406-moddasiga asosan, yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga bola farzandlikka olingan yoki vasiylik belgilangan kundan boshlab va bola tug‘ilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kun (bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq bola farzandlikka olingan taqdirda esa yetmish kalendar kun) o‘tguniga qadar qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘langan xolda ta’til beriladi.
Shuningdek, yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimning yozma arizasiga ko‘ra, xodimga bola ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, ushbu davr uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi, shuningdek, bola uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan ta’til ham berilishi belgilab o‘tilgan.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga asoslangan holda xulosa qilishimiz mumkinki, bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga uning yozma arizasiga asosan bola ikki yoshga to‘lgunicha yoki uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan ta’til ham berilishi mumkin.