Yurt tinchligi uchun halovatidan kechganlar

Harbiy libosdagi yigitlarning saf tortib, shaxdam qadam tashlayotganini kuzatganmisiz? O‘tkir nigohida ona-yurtga muhabbat, g‘ayrat-shijoatida vatanparvarlik aks etgan harbiylar yurtimiz tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi va xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun jasorat ko‘rsatib kelyapti.

Jumladan, Samarqand shahridagi harbiy qismda faoliyat olib borayotgan ikkinchi darajali serjant Jobir Berdiyev hamda mayor Isroil Tuyev Vatanimiz mudofaasida fidoyilik ko‘rsatayotgan harbiylardan.

- Harbiylik kasbini hamma ham tanlayvermaydi, - deydi qashqadaryolik Jobir Berdiyev. – Yurtimizning turli hududlarida, sharoiti og‘ir yoki yaxshi joylarida, oilasidan uzoqda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ammo harbiy xizmatchi har qanday sharoitda ham o‘z ontiga sodiq bo‘lib, vazifasini bajarishi shart. 16 yildan buyon harbiy sifatida xizmat qilaman. Jangovar texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ekspluatatsiya qilishda ishtirok etaman.

O‘tgan yili Prezidentimiz tomonidan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandim va bu e’tirof menga mamlakatimiz mudofaasini mustahkamlash, milliy armiyamiz salohiyatini oshirish yo‘lida kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.

Mayor Isroil Tuyev 2010 yilda muddatli harbiy xizmatdan qaytgach, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida tahsil olgan. Harbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Ayni chog‘da askarlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.

- Sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan, tinchligimizni asrayotgan yurt posbonlariga havas qilib, harbiylikni tanlaganman va bundan hech qachon afsuslanmayman, - deydi Isroil Tuyev. – Ikki nafar farzandim bor. Ular ham harbiy bo‘lmoqchi.  Yurtimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvatlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Men ham 2019 yilda uy-joy bilan ta’minlandim, 2020 yilda Prezidentimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan, 2022 yilda Mudofaa vaziri tomonidan “Jangovar faoliyati uchun” III darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bularning barchasi menga bildirilgan ishonch. Bu ishonchga munosib bo‘lish uchun tinmay harakat qilaman.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat, video).