Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiy tug‘ilgan kunini nishonlash bugun yodga tushdimi?

Bugun Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida ham tadbir tashkil etildi. Shoir nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bog‘iga o‘rnatilgan haykali poyida o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, oliy, o‘rta maxsus va xalq ta’limi muassasalari talaba va o‘quvchilari ishtirok etdi. Ammo negadir tadbir ishtirokchilari orasida Samarqand shahar hokimi o‘rinbosaridan boshqa mas’ullarni ko‘rmadik. Yaxshiyam, har bir tadbirda hoziru nozir Hasan Normurodov  va faol faxriylarimiz, yoshlar bor. Viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi sakson yoshdan oshsa-da mazkur tadbirga kelishni o‘zi uchun burch, sharaf deb bilsa-yu bu insondan ancha yosh bo‘lgan ayrim rahbarlar Alisher Navoiy tavallud kuniga bag‘ishlangan marosimga kelishni nahotki unutib qo‘yishdi.

To‘g‘ri, bugun dam olish kuni, ammo poytaxtimizda, hatto xorijiy mamlakatlarda buyuk mutafakkirga ehtirom ko‘rsatilayotgan bir paytda vijdonimiz uyg‘onib, hazrat Navoiy xotirasini yod etsak foydadan xoli bo‘lmasdi.

Yana bir gap. Ayni damda qish bo‘lsa-da, kun bahor havosini berib turibdi. Haykal atrofiga qishga chidamli anvoyi gullar ekib qo‘yish nega mutasaddilarning xayoliga kelmadi. Yoki Navoiy tug‘ilgan kunini nishonlash bugun yodga tushdimi?

Suratlarni ko‘rib, o‘zingiz baho beravering!