Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasi muhokama qilindi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Samarqand davlat universitetida ziyolilar va ma’naviyat targ‘ibotchilari, ijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Unda yoshlarda milliy g‘urur, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ma’nan yetuk insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish masalasi haqida so‘z yuritildi. Yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq amaliy ishlarni kuchaytirish, ularning dunyoqarashini boyitish va yot g‘oyalar ta’siridan asrash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti doktoranti Fazliddin Madiyev bugun ayrim yoshlarda mustaqil fikrlash ko‘nikmasining yetishmayotgani, tevarak-atrofda bo‘layotgan voqealarga daxldorlik hissi, ijtimoiy immunitetning yetarli bo‘lmayotgani natijasida turli mafkuralar ta’siriga tushib qolayotgani haqida ma’ruza qildi.

Universitet rektori Rustam Xolmurodov yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni avvalo, oiladan, bolalar bog‘chasi va maktabdan boshlash zarurligini ta’kidladi.

Viloyat rahbari tahsabbusiga ko‘ra, yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yagona Konsepsiya ishlab chiqadigan va uni ta’lim jarayoniga joriy etish uchun aniq chora-tadbirlarni taklif qiladigan Kengash tuziladigan bo‘ldi.

- Vatanparvarlik shunchaki balandparvoz gapga aylanib qolmasligi kerak, -dedi Adiz Boboyev. - U yoshlar uchun chinakam ruhlantiruvchi kuchga aylanib, ularni yot oqim va g‘oyalarga qarshi kurashishga, ertangi kunga ishonch bilan harakat qilishga undashi zarur. Shundagina, bugungi avlod uchinchi Renessansni yaratish yo‘lidagi maqsadlarimizni amalga oshiradi.

Muloqotda yoshlar bilan ishlashda ta'sirchan targ‘ibot usullarini yaratish, jarayonda ularning qiziqish va intilishlarini hisobga olish yuzasidan takliflar tinglandi. Yangi tashkil etiladigan Kengash oldidagi asosiy vazifalar belgilab olindi.