G‘o‘bdin tog‘larida shamol stansiyalari qurilishi boshlandi

Mamlakat iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan elektr energiyasiga ehtiyoj 45-50 foizga ko‘paymoqda.  Dunyoning rivojlangan davlatlarida ham energiyaga bo‘lgan talabning ortishi sabab ekologik toza energiya manbalaridan foydalanilmoqda.

Jumladan, shamol energetikasi quvvati jahon miqyosida o‘sib bormoqda. Bunda Xitoy, AQSh, Germaniya kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda.  Jahon statistikasi shuni ko‘rsatadiki, shamol energiyasi quvvati 2020-yilda 93 GVt ga oshgan bo‘lsa, 2026-yilga borib 1123 GVtga yetishi kutilmoqda. Xitoy shamol va quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanib, u yerda energiyaning uchdan bir qismi ishlab chiqarilmoqda.

Mamlakatimizning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida “yashil” energetikani rivojlanti­rishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, 2026-yilga borib, O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari haj­mi 8000 megavatga yetkaziladi va ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi­ning 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri keladi. Bu yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Prezidentimizning 2024-yil 7-maydagi «Samarqand va Jizzax viloyatlarida quvvati 250 megavat bo‘lgan shamol elektr stansiyasi­ni hamda havo elektr uzatish tarmoq­larini qurish (alpha)» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Bulung‘ur, Jomboy va Pay­ariq tumanlari, shuningdek, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hududidan o‘tgan G‘o‘bdin tog‘ tizmasida quvvati 500 megavat bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish boshlandi.

- Hozirda uchta tumanda ham shamol stansiyalari va havo elektr tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda, - deydi «Universal Energy» kompaniyasi mutaxassisi Behruz Ismoilov. - Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida bu hududlarda 80 ta shamol trubinasi o‘rnatiladi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun dastlab gidrometrologik machtalar qurishga yer maydonlari o‘zlashtirildi.

Qurilish obyektlarida quruvchilar tomonidan yer osti tayanch ustunlari o‘rnatilib, yo‘l qurilmoqda. Shuningdek, trubinalar tayanchi uchun xandaqlar, omborxona va boshqa qo‘shimcha binolarning poydevori qazilmoqda. Bunyodkorlik ishlari aniq loyihalar asosida xitoylik malakali mutaxassislar­ning tavsiyasi bilan amalga oshirilmoqda. Energetika vazirligi bilan loyiha doirasida shamol elektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha koordinatalarni belgilash ishlari ham davom etmoqda.

Joriy yilning fevral oyida loyiha doirasida jami 7 ta gidrometrologik machta o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali yil davomida jamlangan barcha ma’lumotlar tahlil qilinib, qaerda, nechta va qancha quvvatga ega shamol turbinalari qurilishi belgilab olinadi.

- Tumanimizda parraklarining uzunligi 150 metrgacha bo‘lgan shamol stansiyalari o‘rnatiladi, -deydi Bulung‘ur tumani hokimi o‘rinbosari Shavkat Razzoqov. – Trubinalarining bittasi 5,5-8 MVt quvvatgacha elektr toki ishlab chiqarib, 15-20 ming aholiga ega bo‘lgan bitta kichik shaharchani energiya bilan ta’minlay oladi. Mazkur stansiyalar ishga tushirilsa, yuzlab mutaxassislar ish bilan ta’minlanadi.

Shamol stansiyalarini o‘rnatish ishlari 2026-yilning boshida boshlanadi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.