Alifbo tarkibidagi to‘rtta harfning o‘zgarishi savodxonlikka putur yetkazmaydi

Jiddiy muhokama va munozaralarga sabab bo‘lgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga kiritiladigan o‘zgarishlar masalasi hal bo‘lish arafasida. Oxirgi muhokama va amalda qo‘llash uchun uni tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ixtiyorida qoldi. Ushbu loyiha yakdillik bilan qabul qilinsa, o‘zbek adabiy tilining rivojiga, imlomizning mukamallashuviga, ta’lim-tarbiya samaradorligi hamda savodxonligimizning oshishiga xizmat qiladi.

1993-yilning 2-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n ikkinchi chaqiriq XIII sessiyasida yangi alifboga o‘tish masalasi qonunan hal etilib, 1995-yil may oyida bu qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan va masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilgandek bo‘lsa-da, o‘tgan o‘ttiz yildan ortiq vaqt uning amalga to‘liq tatbiq etilishi uchun yetarli bo‘lmadi.

Qizil imperiya saltanati umri tugab, mustaqillikka erishilgach, bir vaqtlar xalq nomidan noma’qul ishlar qilinib, asriy alifbolari ixtiyoriy-majburiy tarzda almashtirilgan bir qator qardoshlarimiz tezlik bilan kirill yozuvidagi o‘z alifbolarini lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga o‘zgartirib oldilar va amalga tatbiq etib ulgurdilar ham, boshqa birlari yangi lotin alifbosiga o‘tishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, arab yozuvidan lotin yozuvi asosidagi alifboga o‘tishni birinchilardan bo‘lib Turkiya Respublikasi o‘tgan asrning 20-yillarida boshlab berdi. Turk lotin alifbosida 29 ta harf mavjud bo‘lib, ular alifboda quyidagi tartibda joylashgan: Aa, Bb, Cc, Çç, Dd, Ee, Ff, Gg, Ğğ, Hh, İi, Jj, Kk, Qq, Ll, Mm, Nn, Oo, Öö, Pp, Rr, Ss, Şş, Tt, Uu, Üü, Vv, Yy, Zz. Bu alifbo qariyb yuz yildan buyon qardosh turk xalqining ma’naviy-madaniy ehtiyojini to‘lasincha qondirib kelmoqda.

Oradan yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tgach, XX asr oxirrog‘iga kelib, mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston davlatlari ham Turkiya Respublikasining bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda davom ettirdilar.

Ozarbayjonda ham lotin alifbosiga birinchi marta 1922-yilda o‘tilgan. Bu alifbo 1939-yil may oyigacha qo‘llanishda bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi arafasida sobiq sho‘rolar davlati tarkibidagi ko‘pchilik respulikalar qatori lotin alifbosidan kirill alifbosiga o‘tilgan. Bu alifbo quyidagi tarkib va tartibda edi: Аа, Бб, Вв, Гг, Ғғ, Дд, Ее, Әә, Жж, Зз, Ии, Йй, Кк, Ҝҝ, Лл, Мм, Нн, Оо, Өө, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Үү, Фф, Хх, Һһ, Цц, Чч, Ҹҹ, Шш, Ыы, Ээ, Юю, Яя, ’ (тутуқ белгиси). Ushbu alifboga ham bir necha bor o‘zgartirishlar kiritilgan. 1947-yilda “Ц ц”dan voz kechilgan bo‘lsa, 1958-yili “y”lashgan “Ёё”, “Юю”, “Яя” harflari alifbo sirasidan chiqarilgan. “Йй” undoshi o‘rniga “Jj” harfi qabul qilingan va bu alifbo 2001-yilgacha rasman amalda bo‘lgan. 1992-yildan lotin alifbosiga o‘tish harakatlari boshlangan va bugungi kunda quyidagi tarkibdagi ozarbayjon alifbosi amalda: Aa, Bb, Cc, Çç, Dd, Ee, Əə, Ff, Gg, Ğğ, Hh, Xx, Iı, İi, Jj, Kk, Qq, Ll, Mm, Nn, Oo, Öö, Pp, Rr, Ss, Şş, Tt, Uu, Üü, Vv, Yy, Zz.

Turkmanistonda 1928-yil 3-yanvarda lotin alifbosiga, 1940-yil 1-iyuldan kirill alifbosiga o‘tilgan. Turkman kirill alifbosi: Аа, Бб, Вв, Гг, Дд, Ее, Ёё, Жж, Җҗ, Зз, Ии, Йй, Кк, Лл, Мм, Нн, Ңң, Оо, Өө, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Үү, Фф, Хх, Цц, Чч, Шш, Щщ, Ъъ, Ыы, Ьь, Ээ, Əә, Юю, Яя. 1992-yil 19-avgustda lotin yozuvi asosidagi alifboning dastlabki loyihasi e’lon qilindi va 2000-yilga kelib kirill alifbosi muomaladan chiqarildi. Bu alifbo loyihasi bir necha bor isloh qilingach, quyidagi mukammal holga keltirildi: Aa, Bb, Çç, Dd, Ee, Ää, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Žž, Kk, Ll, Mm, Nn, Ňň, Oo, Öö, Pp, Rr, Ss, Şş, Tt, Uu, Üü, Ww, Yy, Ýý, Zz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham 1940-yildan 1993-yilgacha quyidagi kirill alifbosidan foydalanib kelindi: Аа, Әә, Бб, Вв, Гг, Ғғ, Дд, Ее, Ёё, Жж, Зз, Ии, Йй, Кк, Ққ, Лл, Мм, Нн, Ңң, Оо, Өө, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Үү, Ўў, Фф, Хх, Ҳҳ, Цц, Чч, Шш, Щщ, Ъъ, Ыы, Ьь, Ээ, Юю, Яя. Ular ham lotin yozuvi asosida yaratilgan qoraqalpoq alifbosini bir necha bor kiritilgan o‘zgartirishlar bilan quyi­dagi tarkibga keltirib foydalanmoqdalar: Аа, Bb, Cc, Dd, Ее, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Мm, Nn, Оо, Pp, Qq, Rr, Ss, Тt, Uu, Vv, Ww, Xx, Yy, Zz, А‘а‘, Oʻoʻ, I‘i‘, U‘u‘, G‘g‘, N‘n‘, Sh sh, Ch ch.

2017-yilga kelib, Qozog‘iston ham bu tashabbusga qo‘shildi va lotin yozuviga asoslangan yangi qozoq alifbosi­ni ishlab chiqib, amalga tatbiq etishni boshladi. Qozog‘istonda yangi alifboga o‘tish haqida chiqarilgan qarordan so‘ng alifboning qirqdan ortiq namunasi, qozoq tili imlo qoidalari va kompyuter klaviaturasida harflarni qanday tartibda joylashtirish loyihalari ham e’lon qilingan. Yangi alifbo 31 ta harfdan iborat bo‘lib, qozoq tilidagi 11 ta unli va 20 ta undosh tovushni to‘liq qamrab oladi: Аа, Ää, Bb, Dd, Ее, Ff, Gg,Ğğ, Hh, İi, Iɪ, Jj, Kk, Ll, Мm, Nn, Ŋŋ, Оо, Öö, Pp, Qq, Rr, Ss, Şş, Тt, Uu, Ūū, Üü, Vv, Yy, Zz.

Qozoq tilining o‘ziga xos ә (ä), ө (ö), ү (ü), ұ (ū) ғ (ğ), ш (ş) tovushlari xalqaro amaliyotda ishlatib kelinayotgan umlaut (¨), маkron (ˉ), sеdil (¸), brevis (˘) kabi diakritik belgilar bilan berilishi belgilab qo‘yilgan. Ular “Bir tovush – bir harf” tamoyiliga asoslanib ish ko‘rishgan. Yangi qozoq lotin alifbosiga 2023-yildan o‘tish boshlanib, 2031-yilgacha bosqichma-bosqich o‘tib bo‘lish rejalashtirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, keltirilgan turk, ozarbayjon, turkman, qoraqalpoq, qozoq alifbolarining barchasi ham bir necha martadan tuzatish va o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘nggina hozirgi takomillashgan ko‘rinishga ega bo‘lgan. Bu jarayonni, og‘rinmasdan, hech qanday hissiyotlarga berilmasdan to‘g‘ri tushunish, tabiiy qabul qilish lozim.

Amalga tatbiq etilayotgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi biz uchun ham yangilik emas. Chunki 1929-yildan 1940-yil sentabr oyigacha qariyb o‘n bir yil atrofida xalqimiz bu alifbodan foydalangan. Hozir ham o‘sha alifbo harflari ba’zi keksa avlod vakillari­ning yodidan ko‘tarilganicha yo‘q. Bu alifboning tarkibi quyidagicha bo‘lgan: Aa(о), Bb, Cс(че), Çç(дж), Dd, Ee, Әә(а), Ff, Gg, Ƣƣ(ғе), Hh, Ii, Jj(й), Kk, Ll, Mm, Nn, Ŋŋ(нг), Oo(ў), Pр, Qq, Rr, Ss, Şş(ш), Tt, Uu, Vv, Xx, Z z, Ƶ ƶ(ж).

Bu alifbodagi 10 ta harf hozir amalda qo‘llanilayotgan harflarimizdan shakl jihatdan biroz farq qiladi. Bular quyi­dagilar: Aa(о), Cс(че), Çç(дж – jo‘ja), Әә(а), Ƣƣ(ғе), Jj(й), Ŋŋ(нг), Oo(ў), Şş(ш), Ƶ ƶ(ж – jurnal). 1940-yilgacha xizmat qilgan mazkur alifboda 30 harf bo‘lib, ularning oltitasi unli: Aa(о), Ee, Әә(а), Ii, Oo(ў), Uu va qolgan 24 tasi undosh tovushlarni ifodalash uchun xizmat qilgan.

Lotin yozuviga asoslangan bu alifbodan 1940-yil may oyida qabul qilingan qonunga binoan uch oy ichida kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tib ketilgan. Uning tarkibi quyidagicha: Аа, Бб, Вв, Гг, Дд, Ее, Ёё, Жж, Зз, Ии, Йй, Кк, Лл, Мм, Нн, Оо, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Фф, Хх, Цц, Чч, Шш, ъ, ь, Ээ, Юю, Яя, Ўў, Ққ, Ғғ, Ҳҳ. Bu alifbo asosida tayyorlangan “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” 72 paragrafdan iborat bo‘lib, 1954-yil 4-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan. Bu qoidalar kirill alifbosida ish yuritayotgan aholi uchun hozir ham amalda.

Tilshunos olimlarimiz kirill alifbosi va u asosida tuzilgan imlo qoidalarimizda bir qator kamchiliklar borligini o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridan beri ta’kidlab keladilar. Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bir necha bor o‘zbek tilining yangi imlo qoidalari loyihalari tayyorlanib, muhokama uchun matbuotda e’lon qilingan edi. Biroq ularni qabul qilishga o‘sha davrda hukmron bo‘lgan mafkura ruxsat bermadi va buning jabrini xalqimiz hali-hanuz tortmoqda.

Mamlakatning mustaqilligini ko‘rsatadigan ramzlardan biri bo‘lgan yangi o‘zbek lotin alifbosiga nima uchun to‘liq o‘ta olmayapmiz degan haqli savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Buning bir qancha obyektiv va subyektiv sabablari bor, albatta.

Mamalakatimiz, jamiyatimiz taraqqiyotini, kelajagimiz asosini yaratayotgan yoshlarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarni tan olmayotgandek tuyulayotgan ayrim kishilar, birinchi va asosiy sabab qilib yigirma yildan ortiq muddatdan buyon amalda bo‘lgan yangi o‘zbek alifbosidagi ayrim no­qisliklarni ro‘kach qilib ko‘rsatmoqdalar va shu bahonada lotin alifbosi umuman yaroqsiz, mamlakatni savodsiz qiladi degan o‘ta asossiz da’volarni bildirmoqdalar. To‘g‘risi, alifboda ayb ham, muammo ham yo‘q. Ayb ham, muammo ham o‘zimizda. Axir lotin alifbosi kashf etilganiga necha ming yil bo‘lgan. Bugungi kunda taraqqiy etgan yetmishdan ortiq mamlakatda dunyo aholisining o‘ttiz foizdan ortig‘i shu yozuv asosidagi o‘z alifbolarini yaratib olgan va unga tayanib, ta’lim-tarbiya bermoqda, ish qog‘ozlari yuritmoqda, davlatlararo diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ymoqda.

Yangi alifbomiz nafaqat yoshlarimizga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishda, shuningdek, chet elliklarga ham tilimizni tez va oson o‘rganishlarida qo‘l kelmoqda. Alifbo tarkibidagi ayrim nuqsonlarga kelsak, ularni deb yangi zamonaviy alifbodan voz kechish emas, alifbodagi nuqsonlarni barchamiz birgalashib, yakdillik bilan bartaraf etishimiz, taraqqiyotimizni tezlashtiruvchi alifboga eng zarur tuzatishlar kiritb, uni mukammal holga keltirishimiz kerak.

Ayrimlar maqtayotgan, voz kechishni istamayotgan kirill alifbosida nuqsonlar bo‘lmaganda edi, undan voz kechilib, yangi alifboga o‘tish to‘g‘risida gap-so‘z ham bo‘lmagan, qonunlar ham, davlat dasturlari ham qabul qilinmagan bo‘lar edi.

Keling, yaxshisi, kirill alifbosidagi ayrim kamchiliklarni ham bir tahlil qilib ko‘raylik. 1940-yil may oyida shoshma-shosharlik va mustabid sho‘rolar tuzumi bosimi ostida rus tili ohangi va imlosiga bo‘ysundirilgan o‘zbek kirill alifbosi qabul qilindi. Unda o‘zbek tiliga yot bo‘lgan ьyumshatish, ъayirish belgilari, ц, я, ю, ё, е harflari ham o‘z ifodasini topdi. Ikkita mustaqil tovushni yozuvda ifodalash uchun birgina ж harfi (жўжа, жаҳон – гижда, мужда) kiritilgani yetmaganday, sof o‘zbekcha yuzlab so‘zlarda uchraydigan [нг] - [ŋ] burun tovushini ifodalash uchun harf ham tanlanmagan edi. Bundan tashqari, kirill alifbosidagi “e” grafemasi мен, сен, кенг, тенг kabi so‘zlarda bo‘g‘in o‘rtasida kelsa, bitta [e] tovushini ifodalaydi, елка, енгил, поезд kabi so‘zlarda esa [йэ] tovushlar birikmasini ifodalaydi. Shuningdek, шофёр, монтёр, шахтёр kabi so‘zlar “ё” grafemasi bilan yozilgani holda, майор, район kabi so‘zlar йo harflar birikmasi bilan yozilishini maktab bolalariga tushuntirib ko‘ringchi! Bular kirill alifbosidagi nuqsonlardan ayrimlarigina, xolos.

Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosidan kamchilik qidirayotganlar, nuqson topayotganlar nega kirill alifbosidagi bu kabi jiddiy nuqsonlarni ko‘rmaydilar, ulardan ko‘z yumadilar. Biz ommaviy savodsizlikka barham berish, xalqaro kommunikatsiya jarayoniga tezroq kirish, barcha jabhalarda mamlakatimiz taraqqiyotini tezlashtirish maqsadida yangi alifboga o‘tganmiz va bu o‘z vaqtida qabul qilingan to‘g‘ri qaror bo‘lgan.

Garchi hissiyotlarga to‘lib-toshgan muhokamalar tugab, navbat so‘nggi so‘zga kelgan bo‘lsa-da, masala o‘ta muhim bo‘lganligi tufayli munozara va turli xavotirlar tinganicha yo‘q.

Bu xavotirlarning birinchisi, yangi alifboni qariyb o‘ttiz yildan beri o‘rganmay kelayotgan katta yoshli kishilarda sezilmoqda. Ular yangi alifboga o‘tib ketilsa (yangi alifboga o‘tish uchun o‘ttiz yillik tayyorgarliklarimiz qayoqqa ketdi?!), qanday qilib ishlayman, degan xavotirda kirill alifbosini afzal, deb bilmoqda. Bunday xavotirdagi kishilar uzog‘i bilan yana 3-4 yil ichida yangi alifboda savod chiqargan va ish yuritishga to‘la tayyor turgan yosh mutaxassislarga o‘z o‘rinlarini bo‘shatib berishlari lozimligini tan olmayotganlardir.

Ikkinchi xavotir shuki, o‘ttiz yildan buyon kamchiliklari sezilib turgan, ammo tuzatishga imkon bo‘lmagan yangi alifboni isloh qilib, uni amalga joriy etishga, ya’ni shiorlar, bannerlar, ko‘rsatkichlar, gazeta, jurnallar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, hujjatlarni almashtirish, xodimlarni o‘qitish va boshqa shu kabilarga ketadigan xarajatlar uchun “bir olam” mablag‘ sarflanishi lozim, deb hisoblayotgan “hadikchilar”ning behuda tashvishlanayotganliklaridir.

Bu xavotir ham o‘rinli emas. Bunday ishlar uchun mablag‘ kerak bo‘ladi, albatta. Ammo xavotir olinayotganchalik juda ulkan va dahshatli miqdorda emas. Shuni unutmaslik kerakki, kelajak uchun, kelajak avlod uchun qilinayotgan bugungi alifbo islohoti kelgusida katta samara berib, ulkan zafarlar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Shuni unutmaylikki, bu dunyoda hech narsa abadiy emas, hamma narsa muvaqqat, rivojlanish va taraqqiyotda, doimiy harakatda. Shahar-u qishloqlarimizni bezab turgan rang-barang shiorlar, bannerlar, ko‘rsatkichlar, reklama va e’lonlarning barchasi ma’lum muddatgagina xizmat qiladi, muddati o‘tab bo‘lingach, ular o‘rniga boshqalari yangi alifboda chiroyli qilib chiqarib qo‘yilaveradi.

Chop etib kelinayotgan davriy nashrlar – gazeta va jurnallar bosqichma-bosqich yangi alifbo va imloga o‘tkazilmoq­da, maktab darsliklari va o‘quv qo‘llanmalar ko‘pi bilan 3-4 yilda qayta-qayta nashrdan chiqariladi. Endi yuritilayotgan hujjatlarni almashtirish masalasiga kelsak, bu ham u qadar murakkab emas. Chunki barcha hujjatlarni isloh qilingan yangi alifboda birato‘la almashtirish shart emas. Ular ham ma’lum muddatda o‘z umrini o‘tab bo‘lgach, almashtirilave­riladi. Arxivlarimizdan hozirda ham arab yoki lotin alifbosidagi hujjatlardan nusxa olib foydalanilmoqda-ku. Kutubxonalari­mizda arab, lotin, kirill alifbolarida nashr etilgan nodir asarlar jamiyatimiz taraqqiyotiga beminnat xizmat qilib kelmoqda. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Alifboga kiritilgan o‘zgartirishlarni yangi alifboda hujjatlar tayyorlashni o‘rganayotgan xodimlarga bir-ikki darsdayoq o‘rgatish mumkin bo‘ladi. Buning hech ham og‘irlik joyi yo‘q, gap faqat maqsad va xohishda.

Keling, bu xavotirlarga aslo o‘rin yo‘qligini, aksincha, alifbodagi kamchiliklar qanchalik tez isloh qilinsa, foydadan xoli emasligini yanada aniqroq misollar yordamida ko‘rib o‘taylik.

1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alif­bosini joriy etish to‘g‘risida” Qonun qabul qilinib, quyidagi alifbo amalga tatbiq etish uchun tasdiqlangan edi: Aa, Bb, Cc, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Çç, Ğğ, Ɉɉ, Ññ, Öö, Şş, (ʼ).

Ammo “zamonaviy axborot texnologiyalariga tushmadi” degan bahonalar bilan 1995-yil may oyida bu alifbodagi ayrim harflarga o‘zgartishlar kiritilib, quyidagi tartibga keltirildi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng.

Qariyb o‘ttiz yildan buyon bu harflarga ko‘zimiz anchagina o‘rganib ham qoldi. Shundan atigi 2 ta harf va 3 ta harflar birikmasining qisman, shaklan o‘zgartirilishi taklifi ilgari surilmoqda, yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng harflari va harflar birikmalarining kompyuter va yozuv texnikalarida qo‘llanishidagi g‘ayriodatiy holatlardan qutilish, qo‘lyozma holatida ham ixchamlikka erishish uchun ularga tuzatishlar kiritilmoqda.

E’tibor bering: O‘o‘ harfi Ōō shakliga, G‘g‘ harfi Ḡḡ shakliga (bu ikkala harfning yangi ko‘rinishi ularning amaldagi yozma shakllariga yaqinlashtirilgan), SHsh harflar birikmasi Şş shakliga, CHch harflar birikmasi Сс shakliga o‘tkazilishi maqbulligi haqidagi mulohazalar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lgan aksariyat muhokamalarda, Davlat tilini rivojlantirish departamenti yig‘ilishlarida ma’qullanib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhokamasiga taqdim etilgan. Bu o‘zgarishlar alifbomizdagi mavjud to‘rt harfning ixchamlashishiga olib kelyapti, ular tashqaridan boshqa biror bir harf bilan almashtirilayotgani yo‘q. Mana shu o‘zgarishlar bilan isloh qilingan va tasdiqlash uchun tavsiya etilgan lotin yozuviga asoslangan yangi alifbomiz quyidagicha nisbatan mukammal ko‘rinish oladi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Ōō, Ḡḡ, Şş, Cc, NGng. Agar mana shu isloh qilingan alifbo tegishli tasdiqlardan o‘tib, amaliyotga tatbiq etilsa, ortiqcha xavotir va muhokamalargagina emas, alifbo va imloni amalda qo‘llashdagi barcha noqulayliklarga barham berish uchun ham asos bo‘ladi.      

Biz “Ōō”, “Ḡḡ”, “Şş” ва “Cc” harflarining yangi shakllarini qo‘llab-quvvatlaymiz, ularning yangicha ko‘rinishiga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas.

Ammo “Ng ng” harflar birikmasining alifbo sirasida saqlanib qolishiga jiddiy e’tirozimiz bor. “Ng ng” harflar birikmasi o‘rniga alohida bitta shaklli harf olinmaydigan bo‘lsa, bu harflar birikmasini ham alifbo sirasidan chiqarish kerak. Nega? Chunki yangi alifbomizga mustaqil undosh tovush ifodalovchi Nn va Gg harflari bilan bir qatorda, o‘zbek tilining o‘ziga xos burun tovushini ifodalovchi NG ng harflar birikmasining ham “adashib” kirib qolganligi maktab o‘quvchilarini ham, tilimizni o‘rganuvchilarni ham chalg‘itib kelyapti.

Yozuvda so‘zlar tarkibidagi ng harflar birikmasini har ikkalasi mustaqil holda, alohida [n] va [g] undosh tovushlarini ifodalovchi n va g harflaridan farqlashning hech ham imkoni yo‘q. Chunki ular shakl jihatidan bir xildir. Masalan, quyidagi so‘zlarda ma’no farqlash uchun xizmat qiladigan ng harflar birikmasi bilan yoziladigan burun tovushli so‘zlarni alohida n va g tovushni ifodalovchi harflar bilan yoziladigan so‘zlardan talaffuz etish orqali ularni bir-biridan farqlashning hech ham iloji yo‘q. Marhamat, ularni yozuvda farqlab ko‘ring: tanga (mayda, chaqa pul) – tanga (tanaga, gavdaga), ko‘ngil (yurak, qalb) – ko‘ngil (rozi bo‘l), tongin (tong paytini) – tongin (inkor et), singil (qiz qarindosh) – singil (sinish), to‘ngimoq (sovqotmoq, muzlamoq) – tungi (tun paytidagi), o‘ngimoq (rangi o‘chmoq, eskirmoq) – o‘nga (o‘n soniga) – o‘ngga (o‘ng tarafga), engil (ust-bosh) – engil (pastga tushva hokazo.

Xo‘sh, bu so‘zlarning qaysi biri ng burun tovushini ifo­dalovchi harflar birikmasi bilan, qaysilari n va g mustaqil harflari bilan yozilgan?! Tilimizda bunday so‘zlar juda-juda ko‘p. Ular yozuvda ng burun tovushini ifodalovchi harflar birikmasi hamda n va g mustaqil harflari bilan bir xil shakllarda beriladiki, bunday so‘zlarning qaysi birida ng harflar birikmasi, qaysi birida esa har biri bir mustaqil undosh tovushni ifodalovchi alohida harf ekanligini farqlab bo‘lmaydi. Ular yozuvda shakl jihatidan farqlanmasa, talaffuzda qanday farqlash mumkin? Vaholanki, bu tovushlar nutqimizda yaqqol farqlanadi, so‘zga boshqa ma’no va jilo beradi, so‘zlovchi va tinglovchi talaffuzdagi ana shu farqlilikka qarab ularni o‘z o‘rnida qo‘llayveradi. Afsuski, buni farqlay olmaydigan o‘quvchilar, talabalargina emas, ayrim teleradio boshlovchilari, suxandon va jurnalistlar ham [ng] burun tovushini alohida [n] va [g] undosh tovushlari kabi qo‘pol urg‘u bilan akan-giz, maqsadin-giz, istagin-giz va hokazo tarzda noto‘g‘ri talaffuz etib kelishmoqda. Vaho­lanki, bu so‘zlar aka-ngiz, maqsadi-ngiz, istagi-ngiz, bola-chaqa-ngiz, ko‘ngli-ngiz tarzida muloyim, ohangdor talaffuz etilishi lozim. Agar yangi alifbomizda [ng] burun tovushuni ifodalovchi alohida Ŋŋ harfi olinganda edi, bu muammo o‘z-o‘zidan bartaraf etilgan bo‘lar edi. Ming yillar davomida shakllanib, yuksak taraqqiy topgan ona tilimiz tovushlari orasida o‘ziga xos ohangdorlikka ega bo‘lgan, boshqa tillarda uchramaydigan nodir burun undosh tovushini ifodalash uchun Ñň harfining alifbomiz tarkibiga kiritilishiga qarshi bo‘layotganlar ta’kidlayotganlaridek, uning alifbo tarkibida bo‘lishi savodxonlikka putur yetkaz­maydi, aksincha, kirill alifbosida sakson yildan ko‘proq vaqtdan buyon yo‘l qo‘yib kelinayotgan imloviy xatolar, uslubiy g‘alizliklarga butunlay barham berish uchun xizmat qilishini tilshunos-mutaxassis sifatida qat’iy ta’kidlayman. Agarki, [ŋ] burun tovushi uchun alifbomizda alohida belgi olinmayotgan ekan, yuqorida aytib o‘tilgan fikrlarimizga tayangan holda ushbu harflar birikmasini alifbo tarkibida qoldirgandan ko‘ra alifbo sirasidan chiqarish foydaliroq bo‘ladi. Chunki tilimizdagi [ŋ] tovushli so‘zlarni xuddi tutuq belgili yoki baynalmilal so‘zlardagi ts tovushli so‘zlar kabi imlo qoidalari doirasida alohida mavzu doirasida o‘rganish mumkin bo‘ladi.

Hurmatli vatandoshlar, yangi alifboning takomillashtiri­lishiga to‘siq bo‘lgandan ko‘ra, Yangi Renessans davrida mamlakatimizning barq urib rivojlanishini ta’minlashga bel bog‘lagan yoshlarimizga mustaqil, ijodkorlik va tashabbuskorlik bilan harakat qilishlari uchun yo‘l beraylik, ularni qo‘llab-quvvatlaylik!

Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi tarkibiga kiritilayotgan bu o‘zgarishlar O‘zbekiston Respulikasi Oliy Majlisi deputatlari, Senat a’zolari tomonidan yakdillik bilan qabul qilinsa, o‘zbek adabiy tilining rivojiga, imlomizning mukamallashuviga, ta’lim-tarbiya samaradorligi hamda savodxonligimizning oshishiga, xullas, barcha sohalarda tubdan yangilanayotgan mustaqil Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga keng yo‘l ochiladi.

Mardon Boltayev,

SamDU dotsenti.